Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Markaziy bank: har uchinchi ishlaydigan oʻzbekistonlik kamida bitta kreditga ega

2020 yildan boshlab uch va undan ortiq kreditga ega boʻlgan qarz oluvchilarning ulushi ikki baravarga oshdi — umumiy miqdorning 5 foizidan 11 foizigacha.

Foto: TASS

Markaziy bank maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekistonda iqtisodiy faol aholining uchdan bir qismi kreditga ega.

1 iyun holatiga koʻra, 5,18 mlndan ortiq kishi mamlakat banklarida kredit rasmiylashtirgan. Shundan qarz oluvchilarning 27 foizida (1,4 mln jismoniy shaxs) ikki va undan ortiq kredit mavjud.

2020 yildan boshlab uch va undan ortiq kreditga ega boʻlgan qarz oluvchilarning ulushi ikki baravarga oshdi — umumiy miqdorning 5 foizidan 11 foizigacha.

Regulyator maʼlumotlariga koʻra, ishlayotgan har uchinchi oʻzbekistonlik — jami 5 mln kishida kamida bitta bank krediti bor.

Bundan tashqari, 2 iyuldan boshlab Markaziy bank sinov tariqasida kredit turlari boʻyicha banklarning oʻrtacha foiz stavkalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni eʼlon qilishni boshladi.

Masalan, 1 iyul holatiga avtokreditlar boʻyicha oʻrtacha stavka 24,1 foizni, mikroqarzlar boʻyicha esa 34,9 foizni tashkil etdi. Maʼlumotlar Markaziy bankning Kredit axboroti davlat reyestri bazasi asosida shakllantiriladi.

“Fuqarolar turli banklar taklifini oson taqqoslab, oʻzlari uchun eng maʼqulini belgilay oladi. Bozordagi maʼlumotlarning noaniqligi kamayadi, shaffoflik oshadi, tanlov imkoniyatlari kengayadi”, — deya tushuntirdi regulyator.

Eng arzon avtokreditlarni Ipoteka-bank (21,1 foiz), Orient Finance Bank (21,3 foiz) va Oʻzmilliybank (23,5 foiz) taklif qilmoqda, eng yuqori stavkalar Hamkorbank (29 foiz), Madad invest bank va Infinbank (har biri 28 foizdan) hissasiga toʻgʻri keladi.

Mikroqarzlar boʻyicha eng past foizlar Aloqabank (21,4 foiz), Infinbank (25,6 foiz) hamda Oʻzmilliybankda (25,9 v) qayd etildi. Eng qimmat mikroqarzlarni Apexbank (40 foiz), TBC bank (39,1 foiz) va Tengebank (39 foiz) taqdim etadi.