Asosiy mazmunga oʻtish
Jonli maʼlumot 19avgust · Chorshanba
USD 11 820,40 ▼ −36,95 EUR 13 684,48 ▼ −61,75 RUB 139,05 ▼ −0,27 GBP 15 990,64 ▼ −84,37
Maʼlumot: Markaziy bank
Intervyu

“Choʻntagimda 500 dollar qolgan edi” — Uberʻda ishlaydigan oʻzbekistonlik IT-mutaxassis bilan suhbat

AQSHda yashab, Uber kompaniyasida iOS dasturchisi boʻlib ishlayotgan Darxonbek Mamataliyev chet elga ketishi, AQSHdagi hayot va Oʻzbekistondagi IT sohasi haqida soʻzlab berdi. Uning fikricha, Oʻzbekistonda dasturchilarning maoshi juda tez oʻsmoqda.

AQSHga ketib Uber kompaniyasida iOS dasturchisi boʻlib ishlayotgan oʻzbekistonlik 25 yoshli IT-mutaxassis Darxonbek Mamataliyev IT Parkʻga intervyu berdi. Kommers.uz suhbatning bir qismini taqdim qiladi.

Chet elga kelishingiz tarixi haqida soʻzlab bersangiz.

Darxonbek AQSHga 2019 yilda koʻchib kelgan.

“Green card yutganimdan soʻng rezyumelarimni AQSH kompaniyalariga joʻnata boshladim. IT sohasida ish topgach bu yerga koʻchib oʻtdim”, – deydi u.

Uning aytishicha, uning koʻchishdan maqsadi ikkita edi: 1 – moliyaviy; 2 – dasturchi sifatida texnik bilimlarni oshirish.

“AQSH, xususan, Silikon vodiysi barcha texnologik kompaniyalarining markazi hisoblanadi. Dunyo boʻylab eng yirik kompaniyalarining yarmidan koʻpi shu yerda joylashgan. IT-mutaxassis uchun koʻp narsalarni oʻrganishingiz mumkin boʻlgan tajribali murabbiyga ega boʻlish juda muhimdir. Bundan tashqari, ustida ishlashingiz mumkin boʻlgan katta mahsulotlarga ega boʻlish ham juda muhim oʻrin tutadi, chunki katta, murakkab texnik muammolarga duch kelmasangiz, ularni qanday hal qilishni oʻrganmaysiz.”

Darxonbek eslashicha, koʻchish va ishga joylashish bilan bogʻliq muammolar boʻlmagan, chunki “Green card” ishlashga ruxsat beradi. Ammo kelgandan keyin baʼzi qiyinchiliklar paydo boʻldi.

“AQSHga koʻchib oʻtganimda, men deyarli barcha pullarni chiptaga va uy-joyga sarfladim. Choʻntagimda 500 dollar qolgan edi. Bu mablagʻ bilan men Amerika Qoʻshma Shtatlarida hayotimni va ishimni boshladim va men tez orada maosh olaman deb umid qildim, chunki menda boshqa pul yoʻq edi.”

Boz ustiga, yaqinlari yonida emasligi Darxonbek uchun yanada qiyin boʻlgan.

«Koʻpchilik aytadi: chet elga bor, u yerda hamma narsa oson, hayot goʻzal, deb.  Aslida, uning ham oʻziga yarasha qiyinchiliklari mavjud. Yangi mamlakatga koʻchganingizda, barchasini qayta boshlashingiz kerak. Yoningizda na doʻstlaringiz, na tanishlaringiz, oilangiz, na obroʻ-eʼtiboringiz, na tanish-bilish boʻladi. Yangidan doʻstlar va tanishlar doirasini tuzish kerak, shuning barobarida, oʻzga madaniyat va urf-odatlarga moslashish lozim».

Nega aynan AQSH?

Hozirda Darxonbek “Uber eats”, turli davlatlarda faoliyat olib boradigan taom hamda doʻkonlardan oziq-ovqat yetkazib berish ilovasini dasturlash ustida ish olib bormoqda. “uber eats” mazkur soha boʻyicha dunyodagi eng yirik kompaniya hisoblanadi.

Nega aynan AQSHni tanladingiz deya berilgan savolga Darxonbek moliyaviy nuqtayi nazardan Amerikada dasturchilarga eng yuqori maosh  beriladi, deya javob berdi.

“Kanada va Yevropa mamlakatlari bilan AQSHda beriladigan maoshni taqqoslaganda, Amerikada u yuqoriroq ekan. Qolaversa, bu yerda barcha sharoitlar mujassam: yuqori tezlikdagi internet tarmogʻi, texnik uskunalarni sotib olish imkoniyati. Misol uchun, rivojlanayotgan mamlakatlarda noutbuk sotib olish uchun odamlar oylab pul yigʻadi. Bu yerda esa odamlar oylab pul toʻplamasdan osonlikcha shartta borib sotib olishadi.”

Salohiyat nuqtayi nazaridan, bu yerda nafaqat IT-kompaniyalar, balki boshqa sohalarda ham, masalan, sugʻurta, tibbiyot, bank va moliya sohalarida ham dasturchi-mutaxassislar kerak.

“Bundan tashqari, yuqorida aytib oʻtganimdek, bu yerda yirik kompaniyalar, yirik mahsulotlar juda koʻp. 10 mingta foydalanuvchi ishlatadigan ilovani yaratish boshqa, 100 million foydalanuvchi ishlatadigan ilovani ishlab chiqish boshqa. Ish koʻlami, yondashuvlar har xil. Qolaversa, mamlakatda turli IT-konferensiyalar oʻtkazib kelinadi. Tadbirlarda mashhur dasturchilar, dasturlash tillari, texnologiyalar mualliflarini uchratish mumkin. Ushbu mutaxassislardan koʻp narsani oʻrgansa boʻladi.”

Oʻzbekiston IT sohasini qanday baholaysiz?

Darxonbek har qanday davlatning IT sohasi rivojlanishini quyidagi mezonlarga koʻra baholaydi: moliya, infratuzilma, oʻsish va inson salohiyati.

“Moliyaviy nuqtai nazardan, tan olaman, men hayratdaman. Oʻzbekistonda dasturchilarning maoshi juda tez oʻsib bormoqda, bu qisman yirik global kompaniyalarning Oʻzbekiston bozoriga kirib kelgani bilan bogʻliq. Shuningdek, mutaxassislar xorij kompaniyalarida qanday ishlash mumkinligi haqida oʻylay boshladilar va dasturchilar kasbining oʻziga xos xususiyati shundaki, siz dunyoning istalgan nuqtasidan istalgan ishni bajarishingiz mumkin”.

Hozir, deya davom etadi mutaxassis, oʻzbekistonlik kadrlar xalqaro va xorijiy loyihalarni izlab, yaxshi maosh olishni oʻrgana boshladi.

Infratuzilmaga kelsak, mehmonimiz tarmoq sifatini nazarda tutgan holda, Toshkentda bu borada hech qanday muammo yoʻqligini taʼkidladi. Bundan tashqari, poytaxt oʻz biznesingizni xavfsiz olib borishingiz mumkin boʻlgan kovorking maydonlariga toʻla. Biroq, poytaxt tashqarisida, mutaxassis fikricha, ahvol boshqacha.

“Men oʻzim angrenlikman. Internetning yomonligi sababli u yerda ishlash deyarli mumkin emas, kovorking haqida esa gap boʻlishi ham mumkin emas, ular shunchaki mavjud emas. Hududlarda ham xuddi shunday muammo bor. Lekin men bilamanki, IT Park odamlar oʻqish va ishlash uchun kelishlari mumkin boʻlgan filiallar va IT markazlarini viloyatlarda ham ochmoqda”.

Darxonbekning kuzatishlariga koʻra, Oʻzbekistonda kasbiy oʻsish istagida boʻlganlar koʻp. Yoshlar IT sohasi istiqbolli ekanligini, bu orqali yaxshi pul ishlash mumkinligini tushunishadi. Ijobiy trend kuzatilayotgani, shubhasiz, quvonarli holat. U hozir koʻrayotgan yagona muammo Oʻzbekistonda yirik mahsulotlar kam. Oʻrganmoqchi boʻlganlar bor, lekin ularga oʻrgatadigan hech kim yoʻq. Yaʼni, talabaga tajriba yetishmaydi, yoʻl-yoʻriq koʻrsatadigan ustoz yoʻq.

“Inson kapitali qiyinroq masala. Oʻzbekiston aholisi 30 milliondan ortiq, ularning orasida IT sohasiga qiziquvchilar salmoqli. Ammo muammo shundaki, hozir dasturchilarimiz sifat jihatidan jahon darajasidagi dasturchilar bilan raqobatlasha olmaydi. Katta mahsulotlar ustida ishlay oladigan jahon miqyosidagi mutaxassislar barmoq bilan sanardek. Qolganlarida esa bunday bilim va tajriba yoʻq, jahon standartlariga javob bermaydi”.

Shuning uchun, hikoyamiz qahramoni ham oliy taʼlim oʻquv yurtlarida, ham oʻquv kurslarida berilayotgan taʼlim sifatini oshirish muhim ekanligiga urgʻu berdi.

“Aminmanki, toʻgʻri yondashuv bilan Oʻzbekiston tez orada yangi bosqichga koʻtariladi. Biz odamlarga boshqacha fikrlashni – tadbirkorlikni rivojlantirishga yordam berishimiz kerak. Faqat biror bir IT-kompaniyada ishlamasdan, kattaroq narsalar haqida, oʻz korxonangizni qanday yaratish haqida oʻylab koʻring”.

“Vatanga qaytish niyatingiz bormi?” degan savolga Darxonbek: “Men deyarli ketmadim desam ham boʻladi”, deya javob berdi.

“Oʻzbekistonga har olti oyda kelaman. Bu yerda men universitetlarda, konferensiyalarda nutq soʻzlayman. Shuning uchun deyarli ketmadim desam ham boʻlaveradi. Ammo jiddiy olib qarasa, hozir men dunyoni oʻrganyapman va yaqin yillarda sayohat qilishni, turli mamlakatlarni, ularning madaniyatini va biznesini oʻrganishni rejalashtirmoqdaman. U yoki bu davlatda IT sohasi qanday ishlaydi, ularda qanday muammolar bor, ular qanday hal qilinmoqda, qayerda qanday biznesni boshlash mumkinligi meni qiziqtiradi. Qaytamanmi yoki yoʻqmi, bilmayman, vaqt koʻrsatadi”.

Yosh dasturchilarga qanday maslahat berasiz?

Darxonbek yosh mutaxassislarga aniq maslahatlar berdi.

“Faoliyatingizning dastlabki yillarida bor eʼtiboringizni tajriba orttirishga qarating. Hattoki pul toʻlanmaydigan amaliyot oʻtashingiz ham mumkin. Loyihalarni amalga oshiring va portfolio yarating.”

Shuningdek, u yosh dasturchilarga koʻp oʻqishni, yomon odatlardan voz kechishni maslahat beradi:

1. “Atomic habits” kitobini tavsiya qilaman. Unda yomon odatlardan xalos boʻlish va yaxshi odatlarni shakllantirish usullari tasvirlangan. Ushbu usullar oʻquv jarayonini osonlashtiradi.

2. Dasturchilar harakatsiz hayot tarziga ega. Sport bilan shugʻullaning – sport zaliga boring, yuguring, velosipedda uching.»

Eslatib oʻtamiz, avvalroq Rossiyadan Oʻzbekistonga ishlash uchun koʻchib kelgan IT-mutaxassis Aleksandr Baklanov bilan ham suhbat oʻtkazilgandi.