Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Oʻzbekiston yil boshidan buyon 6,5 mlrd dollarlik oltin eksport qildi

Joriy yilning dastlabki besh oyida Oʻzbekiston oltin eksportini 6,5 mlrd dollarga yetkazdi, bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 54,8 foiz koʻp. Qimmatbaho metall mamlakat eksportining deyarli 44 foizini tashkil etdi.

Foto: “aol.com”

Yanvar may oylarida Oʻzbekistondan oltin eksporti 6,49 milliard dollarga yetdi. Bu Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotlaridan kelib chiqadi.

Bu oʻtgan yilning besh oylik koʻrsatkichidan ($4,19 mlrd) 54,8 foiz koʻp. Yanvarda Oʻzbekiston xorijga oltin eksport qilmagan boʻlsa, fevralda eksport 1,73 mlrd dollarni tashkil etdi, martda — 1,84 mlrd, aprelda — 1,91 mlrd, mayda — 1,01 mlrd.

Qimmatbaho metallarning umumiy eksportdagi ulushi 37,1 foizdan 43,8 foizgacha oshdi.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekistonning xalqaro zaxiralari mayda 49,66 mlrd dollarga yetdi, bu 2013 yildan buyon kuzatuvlar tarixidagi rekord koʻrsatkich. Oʻsish ketma-ket beshinchi oy davom etmoqda, yil boshidan esa zaxiralar 8,48 milliard dollarga oshdi.

Birinchi besh oyda oltin narxi 25,5 foiz — unsiyasi uchun 2624 dollardan 3292 dollargacha oshgan. Dunyodagi geosiyosiy beqarorlik (xavfsiz aktiv sifatida oltinga talab ortib bormoqda), AQSH saylovlari va prezident Donald Trampning boj siyosati hamda AQSH Federal zaxira tizimi foiz stavkalarini pasaytirgani fonida bu yil qimmatbaho metallar narxi keskin koʻtarildi.

Dunyoda oltin qazib olish boʻyicha toʻrtinchi va Oʻzbekistonning eng yirik soliq toʻlovchisi boʻlgan Navoiy kon-metallurgiya kombinati 2024 yilda oltin qazib olish hajmini 5,4 foiz oshirdi va rekord darajadagi 7,4 mlrd dollar daromadga erishdi. Sof foyda 2,1 mlrd dollarni tashkil etdi, bu oʻtgan yilga nisbatan 44,6 foiz koʻp.

Xalqaro valyuta jamgʻarmasi missiyasining qayd etishicha, oltin narxining beqarorligi narxlar yuqori boʻlganda xarajatlarga inflyatsion bosim va narxlar past boʻlganda xarajatlarni qisqartirish xavfini keltirib chiqaradi, bu esa makroiqtisodiy tebranishlarni kuchaytiradi. Shu bois Oʻzbekistonga oltin narxi oʻzgarishining davlat xarajatlariga taʼsirini minimallashtirishga harakat qilish tavsiya etiladi.

Boshqacha aytganda, Oʻzbekiston davlat moliyasi oltin narxining oʻzgarishiga sezgir va bu kabi oʻzgarishlar byudjetni beqarorlashtirishi mumkin.

Xususan, oltin narxi koʻtarilsa, eksport koʻproq daromad keltiradi. Budjetda koʻproq pul paydo boʻlgach, bu davlat xarajatlarining oshishiga olib kelishi mumkin. Ammo bunday oʻsish vaqtinchalik boʻlishi va inflyatsion bosimni keltirib chiqarishi mumkin — iqtisodiyotda narxlar koʻtarila boshlaydi.

Oltin narxi tushganda budjet oʻz daromadlarining bir qismini yoʻqotadi. Natijada davlat xarajatlarni qisqartirishga majbur boʻlishi, bu esa iqtisodiy oʻsishni sekinlashtirishi va ijtimoiy sohaga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin.