Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

1 avgustdan barcha viloyat va tuman hokimliklarida ish haqi oshiriladi

Ishchan va jozibador muhit yaratish uchun 1 avgustdan barcha viloyat va tuman hokimliklarida ish haqi oshiriladi, xodimlarga ishiga qarab oylik ustama va qoʻshimcha bonus beriladi.

Prezident raisligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida Sirdaryo tumani ixtiyorida qoladigan mablagʻlar manbasi koʻpaytirilishi maʼlum qilindi.

Masalan, maʼmuriy va moliyaviy jarimalar, soliq tekshiruvlari boʻyicha penya, toifasi oʻzgargan qishloq yerlari uchun nobudgarchilik kompensatsiyasi, oʻrmon yerlari hududlarini ijara tushumlari, koʻrsatilgan davlat xizmatlaridan tushgan mablagʻlarning bir qismi tumanda qoladi.

Bundan tumanga yiliga qoʻshimcha 12 milliard soʻm tushadi.

Endilikda hokimda 4 nafar oʻrinbosar boʻladi. Rivojlanish rejasiga qarab, qaysi masalada oʻrinbosari boʻlishini hokimning oʻzi belgilaydi.

Misol uchun, Sirdaryo tumani hokimi kelgusi uch yilda turizm, servis va logistikani tumanni asosiy drayveri sifatida koʻrayapti. Shu bois, uning iqtisodiyot boʻyicha 1-oʻrinbosari bir vaqtni oʻzida turizm, servis va logistikaga masʼul boʻladi. Unga 10 ta aniq vazifa yuklatilib, har bir vazifa va funksiyasi mablagʻi bilan mustahkamlanadi.

Xuddi shunday, hokim va qolgan 3 nafar oʻrinbosariga ham aniq vazifalar moliyaviy taʼminoti bilan belgilab beriladi.

Hokim, uning oʻrinbosarlari KPIni toʻliq bajarsa, keyingi yil hududga beriladigan mablagʻ 10-15 foiz koʻpaytiriladi. Aksincha boʻlsa, mablagʻ oshirilmaydi va masʼul rahbar ishdan ketadi.

Sirdaryo tumani hokimi 9 ta idora xodimlari, Savdo-sanoat palatasi, bank, soliq, kadastr vakili va yetakchi tadbirkorlardan iborat “Islohotlar shtabi”ni tuzadi.

“Islohotlar shtabi” uch oyda tumanning 38 ta mahallasi kesimida loyiha, infratuzilma, moliyaviy manba, kadrlar masalasini qamrab olgan uch yillik dastur tayyorlaydi. Kelgusi yil uchun byudjet, infratuzilma, ishlab chiqarish, xizmat, investitsiya va bandlik dasturlari shu asosda tasdiqlanadi.

Natijasiga qarab, bu yangi tajriba kelasi yildan butun respublikada yoʻlga qoʻyiladi.

Yana bir muhim yangilik – ishchan va jozibador muhit yaratish uchun 1 avgustdan barcha viloyat va tuman hokimliklarida ish haqi oshiriladi, xodimlarga ishiga qarab oylik ustama va qoʻshimcha bonus beriladi.

“Lekin, qars ikki qoʻldan chiqadi. Oʻziga yuklatilgan vazifani bajara olmagan xodimlarga chora koʻriladi. Ana shunda hamma intizom va reja bilan ishlashga oʻrganadi.

Viloyat, tuman hokimlari, ularning oʻrinbosarlari, vazirlar, bank rahbarlari yaxshilab eshitib olsin: yarim yil yakuni bilan “gʻalvirni suvdan koʻtarib”, kim nima ish qilgani boʻyicha qattiq soʻrov qilaman”, – dedi davlat rahbari maʼruzasi yakunida.

Ayni paytda prezident maslahatchilari, hukumat aʼzolari, vazirlar va hokimlarning hisobotlari tinglanmoqda.