Trumpcard.gov saytida potensial ariza beruvchilar kutish roʻyxatiga yozilishlari mumkin. Buning uchun ular oʻz ismi, elektron pochta manzili, kelib chiqish mamlakati va ariza berish toifasini koʻrsatishlari kerak.
Ariza berish toifasi jismoniy shaxs, kompaniya yoki boshqa subyekt nomidan boʻlishi mumkin. Shuningdek, ariza oʻzi uchun, oila aʼzolari uchun yoki boshqa shaxs uchun topshirilayotganini tanlash imkoniyati mavjud. Tanlash uchun mintaqalar orasida Osiyo, Yevropa, Afrika, Shimoliy va Janubiy Amerika hamda boshqa hududlar bor.
Bosh sahifada kartaning oʻzi tasvirlangan: oltin rangdagi fon, Trampning yuzi, Ozodlik haykali, prezidentning imzosi va ishtirok summasini anglatuvchi 5M qisqartmasi joylashtirilgan.
Dastur birinchi marta 2025 yil fevral oyida eʼlon qilingan boʻlib, 1990 yildan beri mavjud boʻlgan EB-5 vizasining oʻrnini bosadi. Trampning bayonotiga koʻra, yangi format nafaqat boy odamlarni, balki iqtidorli mutaxassislarni ham jalb qilishga yordam beradi, ularning dasturdagi ishtirokini homiy kompaniyalar toʻlashi mumkin boʻladi.
Uning soʻzlariga koʻra, Trump Card AQSH fuqaroligini olish yoʻlini taʼminlashi mumkin, bunda uning egalari mamlakatda soliq toʻlashga majbur boʻladi.
Oq uyning hisob-kitoblariga koʻra, dastur 1 mlngacha ishtirokchini jalb etishi va AQSH iqtisodiyotiga 5 trln dollar kiritilishini taʼminlashi mumkin.
Savdo vaziri Xovard Latnik mart oyida EB-5 dasturini “mutlaqo bemaʼni va firibgarlik” deb tanqid qilib, yangi mexanizmni ancha shaffof va samarali ekanligini taʼkidladi.
Biroq, ekspertlarning ogohlantirishicha, Trump Cardʻning amalga oshirilishi huquqiy masalalarni keltirib chiqaradi. Immigratsiya qonunchiligi yangi viza dasturlarini Kongress tomonidan tasdiqlashni talab qiladi va hozirgi tashabbus hali bunday qoʻllab-quvvatlanmagan.
Tahlilchilar, shuningdek, boy xorijliklar huquqiy barqarorligi hali tasdiqlanmagan maqom uchun millionlab pul toʻlashga tayyor boʻlishlariga shubha qilishmoqda.


