Davlat dasturi boʻyicha ipoteka maqbulroq, chunki yillik foiz stavkalari 17−20% oraligʻida boʻlib, Iqtisodiyot va moliya vazirligi mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi. Biroq bunday kreditlarning miqdori cheklangan. Ikkinchi holatda esa kredit miqdori cheklanmagan, ammo foiz stavkasi ancha yuqori, chunki bunday kreditlar bankning oʻz mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.
Bunda baʼzan imtiyozli davr ham beriladi va u ikki oydan ikki yilgacha davom etishi mumkin. Bu vaqt mobaynida qarzdor kredit boʻyicha faqat foizni toʻlab turishi va qarzning asosiy qismini toʻlamasligi mumkin.
Davlat dasturi boʻyicha ipotekada maksimal summa Toshkentdagi uylarga 420 mln soʻm berilib, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va boshqa viloyatdagilarga esa 330 mln soʻmni tashkil qiladi.
Ariza beruvchi 18 yoshdan 60 yoshgacha boʻlgan shaxslar boʻlishi mumkin. Kam taʼminlangan fuqarolarga dastlabki badalni qoplash uchun 32 mln soʻm miqdorida subsidiya ajratish koʻzda tutilgan.
Ipotekani rasmiylashtirish
Bank boʻlimiga birinchi marta borishdan avval kamida oxirgi 6 oydagi daromadlar toʻgʻrisida maʼlumot tayyorlash kerak. U bank xodimi bilan maslahatlashish vaqtida kredit qanday shartlar asosida ajratilishini aniqlash imkonini beradi.
Agar kreditni uzishga mablagʻ yetmaydigan boʻlsa, hamkor jalb etish mumkin. Ariza beruvchi boshqa kredit boʻyicha qarzdor boʻlmasligi kerak.
Agar ipoteka shartlari qarz oluvchini qoniqtiradigan boʻlsa, navbatdagi qadamga, yaʼni uy tanlash, uy quruvchi yoki mulk egasi bilan dastlabki shartnoma tuzish, mustaqil baholash oʻtkazish va boshqa hujjatlar toʻplashga oʻtish mumkin.
Kerakli hujjatlar:
- ariza;
- pasport yoki ID karta (arizachi va uning hamkoriniki);
- daromad toʻgʻrisidagi maʼlumot (arizachi va uning hamkoriniki);
- uy-joy oldi-sotdi toʻgʻrisidagi dastlabki shartnoma;
- kadastr hujjatlari.
Kredit uchun kerakli hujjatlar roʻyxati bankning ichki siyosatiga koʻra oʻzgarishi mumkin.
Bank hujjatarni koʻrib chiqib, arizani maʼqullagandan soʻng qarzdor va bank oʻrtasida shartnoma tuziladi. Bu hujjat asosida uy xaridor nomiga rasman rasmiylashtiriladi, sugʻurta qilinadi va bankka garov rasmiylashtiriladi. Shundan keyingina quruvchi (yoki sotuvchining bank kartasiga) hisobiga pul oʻtkaziladi.
Davlat dasturi boʻyicha ipoteka
Ipoteka krediti stavkasi boshlangʻich badal miqdoriga va tanlangan bankka bogʻliq. Agrobankda uy-joy qiymatining 15%i yoki 30%i toʻlanganda foiz stavkasi 18%ni tashkil etadi. Aloqabank 30%dan yuqori boʻlgan badal uchun 17,5% taklif qilmoqda. Oʻzmilliybank va Hamkorbankda kamida 40% toʻlov amalga oshirilganda yillik foiz mos ravishda 17,5% va 17%ni tashkil etadi.
Oʻzsanoatqurilishbank koʻchmas mulk qiymatining yarmisi miqdoridagi dastlabki toʻlov sharti bilan eng past foiz stavkasini — 17% qilib belgilagan.

Pasaytirilgan stavkalar bilan ipoteka
Mart oyida prezident Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi mablagʻlari hisobidan hamkor tijorat banklari tomonidan ajratiladigan ipoteka kreditlari toʻgʻrisidagi farmonni imzolagan edi. Ushbu dastur faqat birlamchi bozordan uy-joy sotib olish uchun mavjud.
Kredit muddati 20 yilni tashkil etadi, ammo Turonbankʼda ushbu dastur doirasida 10 yilga beriladi. Uy-joy sotib olish uchun ajratiladigan eng yuqori summa Toshkent shahrida 800 mln soʻmni, Qoraqalpogʻiston va boshqa hududlarda esa 500 mln soʻmgacha yetadi.
Barcha banklarda boshlangʻich toʻlov uy-joy qiymatining 25%ini tashkil etadi, faqatgina Ipoteka bankʼda bu koʻrsatkich 26%ga teng.

Oddiy ipoteka
Oddiy ipoteka kreditlari 17 ta bank tomonidan beriladi. Foiz stavkalari 23%dan 31%gacha, toʻlash muddati esa 5 yildan 20 yilgacha. Agrobank, Asia Alliance Bank, Oʻzsanoatqurilishbank kabi banklarda 3 oydan 18 oygacha imtiyozli davrlar mavjud.
Boshlangʻich toʻlov qanchalik koʻp va kredit muddati qanchalik qisqa boʻlsa, foiz stavkasi shunchalik past boʻladi.



