Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Oʻzbekistonda may oyidagi inflyatsiya darajasi 1,5 foizni tashkil etdi

Isteʼmol sektoridagi narxlar 2025 yilning may oyida yillik INI 108,7 foizni tashkil etib, joriy yilning aprel oyiga nisbatan 1,4 foiz bandga pasaydi.

May oyida isteʼmol sektoridagi tovarlar va xizmatlar narxlari oʻrtacha 1,5 foizga oshdi. Bu haqda Statistika qoʻmitasi sharhida maʼlum qilindi.

Isteʼmol sektoridagi narxlar 2025 yilning may oyida yillik INI 108,7 foizni tashkil etib, joriy yilning aprel oyiga (110,1 foiz) nisbatan 1,4 foiz bandga pasaydi.

2025 yilning may oyida isteʼmol narxlari indeksi tarkibida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari oʻrtacha 0,8 foizga pasaydi, nooziq-ovqat tovarlari 1,7 foizga va aholiga pullik xizmatlar koʻrsatish narxlari oʻrtacha 5,9 foizga oshgani kuzatilgan.

Mazkur hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun 10 mingdan ortiq savdo nuqtalari va xizmat koʻrsatish obyektlarida 170 mingga yaqin narxlar qayd etilgan.

May davomida oziq-ovqat mahsulotlari 0,8 foiz arzonlashgan boʻlsa, nooziq-ovqat mahsulotlari 1,7 foiz, xizmatlar narxi 5,9 foiz qimmatlashgan.

“Bunday holat koʻp jihatdan kommunal xizmatlar sohasidagi tariflarni oshirilishi bilan bogʻliq boʻldi”, deyiladi qoʻmita sharhida.

Inflyatsiya darajasi Fargʻona, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpogʻistonda yuqori oʻsgan. Oʻrtacha koʻrsatkichdan baland boʻlgan yillik inflyatsiya Qashqadaryo, Fargʻona va Xorazm viloyatlari hamda Toshkent shahrida qayd etilgan.

Qoʻmita tahlilida 2025 yil may oyidan boshlab, aholi uchun elektr energiyasi va gaz narxi oshirilganini ham eslab oʻtilgan. Bunda respublika boʻyicha tok narxi oʻrtacha 18,8 foizga, gaz 39,2 foizga qimmatlashgani keltirilgan. Shu bilan birga, bir oy ichida metan narxi 27 foizga, maishiy isteʼmoldagi suyultirilgan gaz tarifi esa 25 foizga koʻtarilgan.

May oyida benzin va propan narxlarida 0,1-2,7 foiz oraligʻida tushish kuzatilgan. Avtomobil transporti xizmatlari 2,4 foizga, temiryoʻl transporti xizmatlari 0,1 foizga qimmatlashgan. Havo transportida yoʻlovchi tashish xizmatlari oʻrtacha 5,4 foizga arzonlashgan.

“Bu Oʻzbekiston havo yoʻllarida ichki qatnovlar uchun ekonom klass tariflarining pasayishi bilan bogʻliq boʻldi”, deya qayd etilgan sharhda.

Oʻtgan oyda mobil aloqa xizmatlari narxi oʻrtacha 2,9 foizga oshdi.

Asosiy turdagi oziq-ovqatlar turkumiga kiruvchi sabzavotlardan bodring 61,1 foiz, pomidor 27,1 foiz arzonlashdi. Karam 14 foizga, kartoshka 1,9 foizga, piyoz narxi 1,2 foizga tushdi. Sabzi esa 15 foiz qimmatlashdi. Shu bilan birga, oʻsimlik yogʻi 4 foizga, shakar narxi 2,2 foizga oshdi.

Mol va qoʻy goʻshti narxlari 0,8 foiz, parranda goʻshtida 0,3-0,5 foiz koʻtarildi. Bundan tashqari, tuxum 4 foiz, guruch 0,5 foiz, xom sut 0,2 foiz arzonlashdi.