2025 yilning kuzida Rossiya fuqarolari bir shaxs nomiga rasmiylashtirilgan 20 dan ortiq bank kartalariga ega boʻla olmaydi.
Bank kartalari soniga jami ikkita limit belgilangan va bunda:
- bitta bankda 5 tagacha karta;
- turli banklarda — 20 tagacha karta.
Cheklovlar kiritish gʻoyasi Rossiya Markaziy bankiga tegishli. Davlat dumasining moliya bozori qoʻmitasi raisi Anatoliy Aksakovning taʼkidlashicha, bu chora firibgarlarga qarshi kurashishga yordam beradi.
Uning aytishicha, tovlamachi shaxslar rossiyaliklarga qoʻngʻiroq qilib, yangi bank kartasi ochishni va uning maʼlumotlarini telefon orqali aytib berishni soʻramoqda. Keyin jinoyatchilar bu kartalardan ilgari oʻgʻirlangan pullarni yuvish uchun foydalanmoqda.
Manba maʼlumotiga koʻra, cheklovlar kuzda kuchga kiradi. Aniq qachonligi nomaʼlum. 2025 yil iyun oyida tashabbusni quyi palataga kiritish rejalashtirilmoqda. OAV xabar berishicha, “uni qabul qilish uchun koʻp vaqt talab etilmaydi”.
Mart oyida Rossiya Markaziy bank raisi Elvira Nabiullina bir kishiga rasmiylashtirilishi mumkin boʻlgan kartalar sonini cheklash masalasini koʻrib chiqilayotganini maʼlum qilgandi.
“Biz bir kishiga rasmiylashtirilishi mumkin boʻlgan kartalar soniga cheklov qoʻyish masalasini muhokama qilmoqdamiz. Bu cheklovlar oddiy fuqarolarga taʼsir koʻrsatmaydi, chunki oddiy fuqarolar yuzlab, hatto minglab karta ochmaydilar,” — dedi Nabiullina.
Nabiullinaning aytishicha, oddiy odamga turli banklarning shuncha koʻp kartalari kerak emas.
“Shuning uchun chegara oʻrnatish kerak — aytaylik, bitta bankda beshtaga qadar, bir nechta bankda esa 20 tagacha karta. Bu koʻlamni kamaytiradi”, — dedi Nabiullina.
Regulyator rahbarining qoʻshimcha qilishicha, bu halol fuqarolarning huquqlarini hech qanday tarzda cheklamaydi, yaʼni ularning barcha ehtiyojlari hisobga olinadi.
Eslatib oʻtamiz, joriy yil yanvar oyida Oʻzbekiston Markaziy banki bitta fuqaroga ajratiladigan kartalar sonini 20 tagacha cheklagandi. Mazkur tartib 2025 yilning 1 yanvaridan 31 dekabrigacha amal qiladi.


