Prezident topshirigʻiga asosan aholining taklif va istaklarini inobatga olgan holda, avtomobil yoʻllarida harakatlanish tartibini yanada takomillashtirish, haydovchilarga qoʻshimcha qulayliklar yaratish hamda ularni qiynab kelayotgan muammolarni bartaraf etishga qaratilgan hukumat qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, joriy yil 1 iyundan boshlab yoʻl chiziqlarini bosib qoidabuzarlik sodir etish holatlarini maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari orqali qayd etishga yoʻl qoʻyilmaydi. Toʻxtash chizigʻi – “stop-liniya” (5.33 yoʻl belgisi) bundan mustasno.
Yaʼni, haydovchi chiziqni bosib olsa, bu qoidabuzarlik fotoradar yoki videokamera orqali qayd etilmaydi, demak, avtomatik ravishda jarima yozilmaydi. Lekin, YPX xodimi tomonidan aniqlanganda, qoidabuzarlik oʻrnatilgan tartibda rasmiylashtiriladi.
1 iyundan boshlab shaharlar avtomobil yoʻllarida taʼmirlash yoki yoʻl chiziqlarini chizish bilan bogʻliq ishlarni soat 07.00 dan 21.00 ga qadar amalga oshirishga (dam olish kunlari, shuningdek, kechiktirib boʻlmaydigan alohida holatlar bundan mustasno) yoʻl qoʻyilmaydi.
Taʼmirlash va yoʻl chiziqlarini yangilash ishlari endi kunduzi emas, faqat kechasi — yoʻllardagi harakat kamaygan vaqtda amalga oshiriladi.
Bu oʻzgarish fuqarolarning kundalik ishga borish-kelish, farzandini maktabga olib borish yoki shifoxonaga yetib olishni osonlashtirish bilan bir qatorda, tirbandliklar yuzaga kelishini oldini oladi.
Shuningdek, joriy yil 1 sentyabrdan boshlab harakat tezligini nazorat qilishga moʻljallangan har qanday turdagi statsionar va mobil radarlar joylashgan hududda va ungacha kamida 250 metrdan kam hamda 500 metrdan koʻp boʻlmagan hududda “Radar” yoʻl belgisining oʻrnatilishi majburiy boʻladi.


