2023 yil 8 oktyabr kuni AQSH prezidenti Jo Bayden Atrof-muhitni muhofaza qilish agentligi tomonidan qabul qilingan yangi qoidalarni eʼlon qildi. Unga koʻra, keyingi 10 yil ichida AQSHda deyarli barcha qoʻrgʻoshinli quvurlar almashtirilishi talab etiladi. Bu chora ichimlik suvi sifatini yaxshilashga qaratilgan.
Bu yangilikdan eng koʻp foyda koʻradigan kompaniyalardan biri Los-Anjelesda joylashgan JM Eagle boʻlishi kutilmoqda — u dunyodagi eng yirik plastik quvurlar ishlab chiqaruvchilardan biridir.
59 yoshli JM Eagle kompaniyasi bosh direktori va egasi Uolter Van birinchi marta oʻtgan yilning sentyabrida Forbesʻning Amerikadagi eng boy 400 inson roʻyxatiga kirgandi. Uning boyligi 3,6 milliard dollar deya baholangan va u roʻyxatda 374-oʻrinni egallagan. Bu boylikning katta qismi JM Eagle orqali topilgan.
Kampaniyaning taxminiy yillik daromadi 2,3 milliard dollarga yetadi, 3 ta davlatda jami 2000 nafar xodim ishlaydi. Bundan tashqari, Van Meksikada plastik quvurlar ishlab chiqaradigan PTM kompaniyasida ham nazorat paketini qoʻlda ushlab turibdi. Uning hisob-kitoblariga koʻra, yangi 10 yillik loyiha tufayli asosiy kompaniyaning daromadi 20–25 foizga oshishi mumkin.
Hozirda JM Eagle AQSHdagi plastik va quvurlar bozorining taxminan 10 foizini egallagan — IBISWorld tadqiqot shirkati tomonidan 2023 yil iyulida eʼlon qilingan hisobotga koʻra, bu bitta kompaniya qoʻlidagi eng katta ulush hisoblanadi. Uning daromadini 97 foizi Shimoliy Amerikada, shundan 90 foizi AQSHning oʻzida shakllanadi.
Vanning aytishicha, narx jihatidan qattiq raqobat boʻlgan bu sohada JM Eagle oʻziga xos oʻrinni egallagan, chunki u plastik quvurlar (PVX va polietilen) ishlab chiqarish va sotish boʻyicha yagona markazga aylangan. Kompaniyaning Shimoliy Amerikada 22 ta zavodi bor.
Firmaning quvurlari bugungi kunda koʻplab shtat va munitsipalitetlarda suv, gaz va elektr energiyasini yetkazib berish uchun ishlatiladi. PVX quvurlari juda keng qoʻllaniladi — Kaliforniyadagi Joshua-Tri milliy bogʻidan va Disneylenddan tortib, Montananing shimoli-sharqidagi Fort-Pek hindular rezervatsiyasiga, Texasning Ostin shahrida joylashgan Tesla gigafabrikasiga va Grand-Kanon milliy bogʻigacha.
Van oʻz kompaniyasi qanchalik katta boʻlmasin, u hali ham bu biznesni oilaviy deb hisoblaydi. Faqat u ayrimlar oʻylaganidek meros qolgan emas. Afsonaviy tayvanlik milliarder Van Yunsinning oʻgʻli sifatida Uolter Van 2005 yilda JM Eagle kompaniyasini sotib olish uchun banklardan 300 million va otasidan 30 million dollar qarz olgan. Oʻshandan beri kompaniya aylanmasi yetti karradan ortiq oshgan.
Toʻqqiz yoshida Van onasi bilan birga Tayvandan Kaliforniyaning Berkli shahriga koʻchib oʻtadi. Oʻsha paytda uning opasi Sher Van (keyinchalik HTC smartfonlar ishlab chiqaruvchi kompaniyani asos solgan va 2011 yili Forbes versiyasiga koʻra qisqa muddatga Tayvandagi eng boy ayolga aylangan) Kaliforniya universitetining Berklidagi filialida tahsil olardi. Ular onasining tejab yuborgan va opalari uchun ajratilgan sep pullari hisobiga 50 mingga sotib olingan uyda yashashardi. Milliarder otasidan esa har oyda atigi 800 dollar olardi.
Van har doim otasi tashkil etgan Formosa Plastics kompaniyasi rahbari boʻlishni orzu qilgan. Bu kompaniya hozirgi kunda ham plastik mahsulotlar ishlab chiqaradi va taxminan 10 milliard dollarga baholanadi. Yunsin nafaqat oʻgʻli, balki boshqalar tomonidan ham katta hurmat bilan eʼtirof etilgan. Tayvandagi eng nufuzli tadbirkorlardan biri boʻlgan Van Yunsin oʻzi choy fermasida tugʻilib, yapon mustamlakasining bir qismi boʻlgan zamonda katta boʻlgan. Faqat boshlangʻich taʼlim olgan boʻlsa-da, neft va kimyo sohasidagi kompaniyasini Osiyoning eng yirik ishlab chiqaruvchilaridan biriga aylantirgan.
Uolter Van — Yunsinning ikki oʻgʻlidan biri — doimo otasi oldida oʻzini qarzdor deb hisoblashini tan oladi. “Unga ishlashni oʻzim xohlaganman. Men — uning oʻgʻliman, bu mening masʼuliyatim. Hamma biladi, osiyoliklarda bu qanday ahamiyatga ega. Otam ham mendan shunday yoʻl tutishni kutgandek edi”, — deydi Uolter.
Uolter Berklidagi Kaliforniya universitetini tugatgach, otasiga tegishli fabrikalardan birida ishchi-mexanizator boʻlib ish boshlagan. 1990 yili u doʻstining kechki ziyofatida Shirli Fan bilan tanishadi — u Kaliforniya universitetining Los-Anjelesdagi filialini yakunlab, bir hafta oldin Tayvanga qaytib kelgandi. “Unda hatto mashina ham yoʻq edi”, deya eslaydi ayol boʻlajak turmush oʻrtogʻi bilan ilk tanishuvni.
Van vaqt oʻtishi bilan otasining Amerikadagi shuʼbasi — J-M Manufacturing kompaniyasida boshqaruv lavozimiga koʻtariladi. Biroq u kompaniya prezidenti boʻlishni istaganida, otasi uni toʻxtatib, faqatgina familiyasi tufayli bu lavozimga erishish mumkin emasligini aytadi.
Oʻz yoʻlini mustaqil ravishda boshlash imkoni Uolter Vanda 2003 yili paydo boʻladi — oʻshanda otasi unga J-M Manufacturing kompaniyasini asosiy xoldingdan 300 million dollarga sotib olishni taklif qiladi. Ammo bu taklif bilan birga jiddiy shart ham qoʻyiladi — pulni oʻzi topishi kerak edi. Vanning aytishicha, oʻsha paytda u yiliga bor-yoʻgʻi 100 ming dollar ishlagan. “Hech qaysi bank men haqimda eshitishni ham istamasdi”, — deydi u. Bundan tashqari, otasi ustiga-ustak yana 30 million talab qilardi.
Qiyin va uzoq davom etgan mablagʻ qidirishdan soʻng, oxirida otasi 30 million dollarlik kafolatga qoʻl qoʻyadi. Ushbu yordam bilan Van 13 ta bank orqali qolgan mablagʻni toʻplashga muvaffaq boʻladi.
Bitim imzolanganidan atigi toʻrt kun oʻtib, 2005 yili, 40 yoshli Van tomogʻidagi kichik shishni biopsiya qilish uchun shifoxonaga murojaat qiladi. Oʻn kundan soʻng unga 4-bosqichli burun-tomoq saraton tashxisi qoʻyiladi va shifokorlar unga faqat bir yil umri qolganini aytishadi. Uolter xotini bilan Gonkongga yoʻl oladi va u yerda olti oy ichida 195 soatlik kimyo terapiyasi hamda 37 marta nur terapiyasini qabul qiladi. Ammo davolashdan natija koʻrmaganidan soʻng, ular ibodat va duoga yuzlanishadi, doʻstining maslahatiga binoan “chet tillarida soʻzlash” deb ataluvchi alternativ usulni ham qoʻllashadi.
“Ajal koʻzingga tikilganda, odam har qanday imkoniyatni sinab koʻradi”, — deb taʼkidlaydi Van.
2006 yili Van mutlaqo sogʻlom holatda AQSHga qaytib keladi (bunga u nasroniy eʼtiqodi sabab boʻlgan deb hisoblaydi) va Nyu-Djersidagi yangidan sotib olingan kompaniyani boshqarishga kirishadi. Ammo Amerika orzusi muammolarsiz kechmadi: oʻsha 2006 yilda, Van kimyo terapiyasini oʻtayotgan paytda, kompaniyaga nisbatan jamoatchilik shikoyati asosida daʼvo arizasi kiritilgandi.
Mazkur daʼvo ortida mijozdan pora talab qilgani uchun ishdan boʻshatilgan muhandis turgan boʻlib, u oʻz navbatida kompaniyani sotilayotgan quvurlar sifatini notoʻgʻri koʻrsatishda ayblayotgandi.
Sud ishlari 14 yil davom etadi va 3 shtat, 42 shahar hamda suv taʼminoti okruglariga taʼsir koʻrsatadi. 2013 yili federal sud JM Eagle hukumatga sifat standartlariga javob bermaydigan plastik quvurlar yetkazib berganini aniqlaydi. Ammo 2020 yili bir okrug sudi kompaniya keltirgan zararni 0 dollar deb baholaydi. Daʼvagar manfaatlarini himoya qilgan Phillips & Cohen huquqiy firmasi bu masala yuzasidan izoh berishdan bosh tortgan.
“Agar toʻgʻri ish kilayapman deb hisoblasangiz — hech qachon taslim boʻlmang”, — deya maslahat beradi milliarder boshqa tadbirkorlarga.
2016 yil fevralida Michigan shtatidagi Flint shahrida suv taʼminoti inqirozi haqida oʻqib, Uolter Van u yerga uchib boradi va shahar kengashi majlisida ishtirok etadi. Ushbu uchrashuvda u shahardagi turli tijorat va turar joy obyektlariga olib boruvchi qoʻrgʻoshin quvurlarini bepul almashtirishni taklif qiladi. “U odamlar zanglagan qoʻrgʻoshin quvurlardan oqib kelayotgan suvni ichishga majbur boʻlayotganidan juda qattiq ranjidi”, — deydi Shirli.
Bir necha oylik muhokamalardan soʻng shahar kengashi Vanning taklifini rad etadi va oʻrniga mis quvurlar oʻrnatishni tanlaydi, bu esa OAV maʼlumotlariga koʻra 140 million dollardan qimmatroqqa tushardi. Ammo yaqin atrofda joylashgan Berton shahrida JM Eagleʻning PVX quvurlari evaziga meriya 2,2 million dollar tejashga muvaffaq boʻladi. Oʻsha paytda Flint shahar meri Karen Uiver “bizdagi qattiq iqlim sababli plastik quvurlarning mustahkamligi shubhali”, deb taʼkidlagan.
Vanning aytishicha, boshqa joylarda uning takliflariga koʻproq quloq tutiladi. Masalan, JM Eagle 2006 yili Gonoluluda kanalizatsiya tarmogʻi yorilib ketib, 180 000 kubometr iflos suv okeanga toʻkilganidan soʻng, ikkita polietilen quvur oʻtkazilishida Gavayidagi mahalliy muhandislarga yordam bergan.
Xalqaro hamkorlik doirasida kompaniya 2005–2015 yillarda Kolumbiya universiteti qoshidagi Yer instituti tomonidan amalga oshirilgan “Ming yil qishloqlari” loyihasi doirasida 8 ta Afrika mamlakatiga — jumladan, Keniya, Uganda va Ruandaga — toza suv bilan taʼminlash maqsadida deyarli 650 kilometr plastik quvurni xayriya qilgan.
2008 yili 91 yoshida Yunsin vafot etganida, bu hamma uchun kutilmagan hol boʻladi. “Menimcha, u yuz yoshgacha yashamoqchi edi”, — deydi Van. Ota hech qanday vasiyat qoldirmagan. Uolter va uning rafiqasi esa oʻz oilasida bunday hol boʻlmasligi kerak deb hisoblaydi. Taxminan besh yil muqaddam Van oʻzining uch nafar farzandini (hozirda ularning hammasi 20 yoshdan katta) zavodlarga olib borib, ularga ishlab chiqarish qanday ishlashini tushuntira boshlagan.


