Toshkent shahar hokimligi birinchi bosqichda yoʻl boʻyi avtoturargohlari uchun 13−14 ming oʻringa moʻljallangan 86 ta pulli avtoturargoh ishga tushirilganini maʼlum qildi.
Pulli avtoturargohlardan biri Amir Temur xiyoboni atrofida joylashgan boʻlib, maxsus belgi — toʻq sariq fonda qora rang bilan katta “P” harfi tasvirlangan. Uning narxi soatiga 12 ming soʻmni tashkil etadi, toʻlamaganlik uchun jarima koʻzda tutilgan.
Avtoturargoh uchun toʻlovlarni Poytaxt Parking ilovasi orqali onlayn yoki Paynet terminallari orqali naqd pulda amalga oshirish mumkin.Mobil ilovani ishlab chiqish bilan pulli “parkovka” tashkil etish huquqini qoʻlga kiritgan Streetpark Systems kompaniyasi shugʻullangan.
Eslatib oʻtamiz, 2024 yil 13 noyabr kuni Toshkentda pulli avtoturargohlarni tashkil etish huquqini beruvchi auksion eʼlon qilingandi. Bitta lot doirasida shaharning barcha tumanlarida jami 262,8 ming kvadrat metr maydonni ijaraga berish rejalashtirilgan. Shundan 6571,3 kvadrat metri metro bekatlaridan 200 metr radiusda joylashgan. Topografik xaritaga koʻra, gap umumiy uzunligi 111,6 kilometr boʻlgan 86 uchastka haqida ketmoqda:
- poytaxtning markaziy qismida (jumladan, Amir Temur xiyoboni, Movarounnahr, Istiqlol, Yahyo Gʻulomov, Oʻzbekiston ovozi, Istiqbol, Sodiq Azimov, Taras Shevchenko, Shahrisabz, Yakkachinor, Shastri, Mahatma Gandi, Hamid Olimjon, Chexov va boshqa koʻchalar);
- Uchtepa va Chilonzor tumanlarida (Kichik halqa avtomobil yoʻli, Farhod, Lutfiy, Choʻponota, Muqimiy, Qatortol, Chilonzor, Arnasoy, Yesenin, Beshqayragʻoch koʻchalari);
- Sergeli va Yangihayot tumanlarida (Yangi Sergeli, Tursunzoda, Alaviya, Shokirariq, Islom Sattorov, Qipchoq, Qoʻrgʻontepa, Birodarlik koʻchalari);
- Olmazor va Shayxontohur tumanlarida (Labzak, Sebzor, Gulobod, Farobiy, Beltepa, Qoraqamish, Qorasaroy, Shimoliy Olmazor koʻchalari);
- Bektemir tumanida (Husayn Boyqaro koʻchasi);
- Mirobod tumani (Yangi Qoʻyliq koʻchasi);
- Yashnobod tumanida (Ohangaron yoʻli koʻchasi, Quyi Talariq, Sivets, Quruvchilar koʻchalari).
- Maydonlarning asosiy qismi Mirobod (71,9 ming kv metr), Yakkasaroy (36,5 ming kv metr), Sergeli (29,5 ming kv metr), Shayxontohur (27,8 ming kv metr) va Olmazor (26,7 ming kv metr) tumanlariga toʻgʻri keladi.
Maydonlarning asosiy qismi Mirobod (71,9 ming kv metr), Yakkasaroy (36,5 ming kv metr), Sergeli (29,5 ming kv metr), Shayxontohur (27,8 ming kv metr) va Olmazor (26,7 ming kv metr) tumanlariga toʻgʻri keladi.
Ijara muddati 36 oyni tashkil etadi. Dastlabki ikki yil ichida ijarachi avtoturargohlarni jihozlash, parkomatlar va harakatni tashkil etish vositalarini oʻrnatish, shuningdek, kommunikatsiya va aloqani amalga oshirish uchun kamida 5 mln dollar sarmoya kiritishi kerak. Yillik ijara boshlangʻich narxi, yuqorida taʼkidlanganidek, 57,21 mlrd soʻmni tashkil etadi.
Toshkent shahri hokimi qarori bilan pulli toʻxtab turish joylarini tashkil etish tartibi va transport vositalarining pulli toʻxtab turish joylaridan foydalanganlik uchun toʻlovlar miqdorlari tasdiqlangandi. Toʻlovlar tarif zonalariga koʻra bir soat uchun 5 ming soʻmdan 12 ming soʻmgacha etib belgilangan.


