Qonunchilik palatasi 29 aprel kungi majlisida toʻlov tizimi operatorlari va toʻlov tashkilotlari faoliyatiga oid qonun loyihasini birinchi oʻqishda konseptual jihatdan qabul qildi.
Loyihaga koʻra, antifrod chorasi sifatida ketma-ket uch yoki undan ortiq pul oʻtkazmalari nazorati avtomatlashtiriladi; bank kartalaridan foydalanishni hamda jismoniy shaxslar oʻrtasida katta miqdordagi pul oʻtkazmalarini qoʻshimcha biometrik va boshqa himoya choralarini qoʻllagan holda nazorat qilish mexanizmlari joriy etiladi.
“Katta miqdordagi oʻtkazmalar” deganda qancha miqdor haqida gap ketayotgani maʼlum emas.
Qonun loyihasida, shuningdek, banklarga toʻlov tizimi operatori sifatida faoliyatini boshlash uchun litsenziya olish talabini bekor qilib, xabardor etish tartibiga oʻtish koʻzda tutilgan.
Bundan tashqari, muhim toʻlov tashkilotlari tushunchasi qonunchilikka kiritiladi. Bu toifadagi tashkilotlar tomonidan uzluksiz xizmat koʻrsatilishini taʼminlash maqsadida ularning toʻlov tizimi ishtirokchisi boʻlishi uchun huquqiy asos yaratilmoqda.


