Prezident “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunni imzoladi.
Aksiyadorlik jamiyatlari (AJ) qonun hujjatlari talablarini hisobga olgan holda oʻzi chiqaradigan aksiyalarga ommaviy joylashtirish yoʻli bilan ochiq obuna oʻtkazishga haqli. Bunda AJ xodimlari aksiyalarni birlamchi ommaviy joylashtirishda xodimlar aksiyalariga egalik qilish rejasi doirasida aksiyalarni sotib olishda imtiyozli huquqqa ega boʻladilar.
Dividendlar miqdori AJ kuzatuv kengashi tomonidan tavsiya etilgan miqdordan ortiq boʻlishi mumkin emas. Bunda davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan korxonalarning aksiyalari fond bozorida kamida 7 yil davomida ommaviy joylashtirish yoʻli bilan joylashtirilgan taqdirda, ushbu korxonalar sof foydasining kamida 30 foiz dividendlar toʻlashga yoʻnaltiriladi (qonun hujjatlarida belgilangan cheklovlar bundan mustasno).
Aksiyadorlar umumiy yigʻilishi tomonidan qaror qabul qilingani toʻgʻrisida xabar dividendlar toʻlash toʻgʻrisidagi va boshqa muhim maʼlumotlar aksiyadorlar eʼtiboriga ushbu qaror qabul qilingan kundan boshlab 15 kun ichida SMS va (yoki) elektron pochta orqali ushbu qaror yuborilganligi va qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi xabarnoma qayd etilgan holda yetkaziladi.
Bundan buyon dividendlarni toʻlash Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi yoki investitsiyaviy-vositachilar orqali aksiyadorning mavjud bank hisobvaragʻiga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda avtomatik tarzda amalga oshiriladi. Bunda AJ aksiyadordan dividendlar toʻlash toʻgʻrisidagi arizani talab qilishga haqli emas.
AJ tomonidan qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan axborot va hisobotlar yil davomida ikki va undan ortiq marta oʻz vaqtida oshkor etilmagan taqdirda, qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi jamiyatning ijro etuvchi organini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqish haqida koʻrsatma kiritishga haqli.
Aksiyalari fond birjasining birja kotirovkasi varagʻiga kiritilgan AJning rasmiy veb-saytida 5 va undan ortiq foizga egalik qilish toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni eʼlon qilish talabi chiqarib tashlanadi.
Emitent Korporativ axborotning yagona portalida quyidagi maʼlumotlarni oshkor etishi shart:
- qimmatli qogʻozlar emissiya risolasining matni bilan tanishish joyi va tartibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
- emitentning birinchi chorak, birinchi yarim yillik va toʻqqiz oy yakunlari boʻyicha hisoboti;
- emitent va affillangan shaxs oʻrtasida tuzilgan bitim toʻgʻrisidagi axborot;
- emitent faoliyatidagi muhim fakt toʻgʻrisidagi xabar.
Shu bilan birga, koʻrsatilgan maʼlumotlarni oʻz rasmiy veb-saytida eʼlon qilish talab etilmaydi.
Bundan tashqari, rasmiy veb-saytga ega boʻlish talabi qimmatli qogʻozlari fond birjasi listingiga kiritilmagan AJlarga nisbatan tatbiq etilmaydi, davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan AJlar bundan mustasno.
Oʻzgartirishlar:
- “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi;
- “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi qonunlarga kiritildi.
Hujjat qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 17.04.2025 yildan kuchga kirdi.


