Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Qarzdorlik hisobiga banklar balansiga olingan mol-mulklar toʻgʻridan-toʻgʻri sotiladi

Tijorat banklariga qarzdorliklarni soʻndirish evaziga bank balansiga qabul qilingan bino-inshootlarni tayyor biznes sifatida salohiyatli investorlarga sotish huquqi beriladi.

Oʻzbekistonda qarzdorlik hisobiga banklar balansiga olingan mol-mulklar realizatsiyasi tezlashtiriladi. Bu haqda “Qarzdorlik hisobiga banklar balansiga olingan mol-mulklar realizatsiyasini jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi prezident qarorida belgilandi.

Qarorga koʻra, 2025 yil 1 maydan ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan banklarga va ular huzuridagi investitsiya kompaniyalariga auksionda sotilmasdan qarzdorliklarni soʻndirish evaziga bank balansiga olingan mol-mulklarni bozor qiymatida toʻgʻridan-toʻgʻri sotishga, shu jumladan, kredit, boʻlib-boʻlib toʻlash, lizing shartnomalari yoki qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa bitimlar orqali sotishga ruxsat etiladi.

Tijorat banklariga qarzdorliklarni soʻndirish evaziga bank balansiga qabul qilingan bino-inshootlar, texnologik uskunalar va boshqa mol-mulklar negizida tijorat banklari huzuridagi investitsiya kompaniyalari orqali toʻxtab qolgan ishlab chiqarish (xizmat koʻrsatish) faoliyatini tiklab, ularni tayyor biznes sifatida salohiyatli investorlarga sotish huquqi beriladi.

2025 yil 1 sentyabrdan daʼvo arizasi boʻyicha ishni soddalashtirilgan ish yuritish tartibida koʻrib chiqish uchun daʼvoning maksimal bahosi

  • yuridik shaxslarga nisbatan BHMning 150 baravarigacha (56 million 250 ming soʻmgacha),
  • yakka tartibdagi tadbirkorlarga nisbatan 100 baravarigacha (37,5 million soʻmgacha),
  • jismoniy shaxslarga nisbatan 50 baravarigacha (18 million 750 ming soʻmgacha) oshiriladi.