Asosiy mazmunga oʻtish
Jonli maʼlumot 19avgust · Chorshanba
USD 11 820,40 ▼ −36,95 EUR 13 684,48 ▼ −61,75 RUB 139,05 ▼ −0,27 GBP 15 990,64 ▼ −84,37
Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

“Uyingizga xush kelibsiz!” — Airbnbʻning muvaffaqiyat tarixi

Airbnb — bu oddiy ijara platformasidan millionlab odamlar uchun uydek muhit yaratadigan global ekotizimga aylangan servis. Uning tarixi — ijodkorlik, jasorat va foydali gʻoyani qanday qilib milliardlik biznesga aylanishi mumkinligining yorqin namunasidir.

Ushbu raqamli platforma Facebook va Amazon qatorida turishga qodir — unda 200 dan ortiq mamlakatdagi 100 mingta shahar boʻylab 7 milliondan ortiq ijaraga takliflar mavjud. Soʻnggi yillarda kompaniyaning daromadi 22 baravar oshdi, asos solinganidan buyon jalb qilingan investitsiyalar hajmi esa 4,4 milliard dollarni tashkil etmoqda.

Airbnb — butun dunyo boʻylab qisqa muddatli turar joyni ijaraga berish xizmati. Kompaniya 2008 yilda paydo boʻlgan, bu hali sharing economy konsepsiyasi shakllanishidan bir necha yil avval edi. Hozir boʻlsa Airbnb aynan shu konsepsiya bilan uzviy bogʻlangan holda tanilgan.

Los-Anjelesdagi ishini tashlagan Brayan Cheski San-Fransiskoga, universitetdagi doʻsti Jo Gebbiyaning yoniga boradi. Ular birgalikda Airbnbʻni ishga tushiradi. Startap gʻoyasi kvartira uchun toʻlov qilish ehtiyojidan kelib chiqqan. Ijara haqi 1150 dollarni tashkil etardi, lekin bir paytlari ularning qoʻlida faqat 1000 dollar qolgandi. Bu vaqt shaharda Amerikaning sanoat dizayni jamiyati konferensiyasi boʻlib oʻtayotgan edi va doʻstlar mehmonxonalarda joy topolmagan mehmonlarni uylariga vaqtincha joylashtirib, pul ishlab olishga qaror qiladi. Ular mehmonlarga uchta havo toʻshagi va nonushta taklif qiladi — Airbed & Breakfast (havo toʻshagi va nonushta). Keyinchalik ular sayt yaratishadi va unga Airbedandbreakfast.com deb nom berishadi. Vaqt oʻtishi bilan nom qisqartirilib Airbnb boʻlgan va ularga Garvard universiteti bitiruvchisi, Microsoftʻning sobiq dasturchisi Neytan Blecharzik qoʻshilgan.

Platforma ishga tushgan birinchi yilda kuniga 10-20 ta bron amalga oshirilgan. Hozirda esa bu koʻrsatkich 2 milliondan oshadi.

Birinchi investitsiyalarni topish oson kechmagan: 2008 yil iyun oyida ular 7 ta venchur investori bilan bogʻlanadi — 5 tasidan rad javobi olishadi, ikkita xat esa umuman javobsiz qoladi. Ular investorlarga kompaniyaning 10 foiz ulushini 150 ming dollar evaziga taklif qilishgandi. Hozir bu ulushning qiymati 4 milliard dollardan oshib ketgan. Bugungi kunda Airbnb loyihasiga sarmoya kiritganlar orasida DST, Sequoia, Andreessen Horowitz, Tiger Global va Fidelity Investments kabi yirik fondlar bor. Kompaniya tashkil etilganidan beri taxminan 4,4 milliard dollar sarmoya jalb qilgan.

Yoshlar startapni kredit hisobiga rivojlantirayotgan boʻlsalar-da, qoʻshimcha daromad manbalarini ham izlab topishgan. Masalan, 2008 yilda Kolorado shtatidagi Denver shahrida boʻlib oʻtgan Demokratik partiya syezdi oldidan ular Barak Obama tasviri tushirilgan ovsyanka qutilarini dizayn qilishadi. 500 donadan iborat partiyani oʻzlari yigʻib, ovsyanka bilan toʻldirib, har birini 40 dollardan suvenir sifatida sotishadi. Sotuvdan tushgan pulni startapni rivojlantirishga yoʻnaltirishadi.

Ayni shu ovsyanka qutilari Airbnbʻni Pol Gremning venchur fondiga tegishli Y Combinator biznes-inkubator dasturiga olib kiradi. Kompaniya 20 ming dollar miqdorida investitsiya, biznes gʻoyani sinab koʻrish uchun 3 oy vaqt va Nyu-Yorkqa koʻchib oʻtish tavsiyasini oladi.

Yangi joyga koʻchib oʻtgach, Cheski, Gebbiya va Blecharzik Airbnb faoliyati modelini ishlab chiqishadi: ular ijaraga taklif etilayotgan uylarni shaxsan tekshirishardi (hatto oʻzlari Airbnb orqali kvartira ijaraga olishardi), sifatli suratlar, kalitlarni topshirish va uyni tozalash jarayonini puxta oʻylab chiqishadi.

2011 yilda loyiha 1 millionta bron qilish chegarasidan oʻtadi va AQSHdan tashqariga chiqadi — Yevropa bozoriga kirib borish maqsadida uchta domen sotib olinadi va sakkizta yevropa shahrida ofislar ochiladi.

Hozirgi kunda kompaniyaning 500 millionga yaqin mijozi bor va dunyodagi eng yirik turar joy fondiga ega — Airbnbʻda 7 millionta taklif mavjud, solishtirish uchun: HomeAwayʻda 2 million, Marriottʻda 1,3 million, Hiltonʻda 0,9 million, Intercontinentalʻda esa 0,8 million.

Servis qanday pul ishlaydi

Airbnbʻning asosini ikki tomonlama onlayn platforma tashkil qiladi — u dunyo boʻylab uy va kvartira egalariga oʻz mulkini ijaraga berish, sayyohlarga esa ularni bron qilish imkonini beradi. Airbnb bu jarayonda vositachi sifatida ishtirok etadi.

Airbnbʻning asosiy xarajatlari toʻrt yoʻnalishda jamlangan:

  • Texnologik infratuzilma,
  • Xodimlar oyligi,
  • Fotograflar xizmat haqi,
  • Marketing.

Airbnb har bir bron uchun 14,2 foizgacha foydalanuvchidan, va 3 foiz tranzaksiya uchun uy egasidan komissiya oladi (Airbnb Plus foydalanuvchilari va Italiyadagi ijarachilar uchun bu koʻrsatkich yuqoriroq boʻlishi mumkin).

Bundan tashqari, uy egalari eʼlon joylashtirish uchun 14-20 foiz haq toʻlaydi (Xitoyda bu koʻrsatkich 10 foiz).

Airbnbʻning maʼlum qilishicha, kompaniya 2017 va 2018 yillarda EBITDA boʻyicha (soliqlar, foizlar va boshqa xarajatlardan oldingi koʻrsatkich) foyda koʻrgan. 2017 yilda kompaniya daromadi 2,6 mlrd dollar, 2018 yilda esa 3,6 mlrd dollarni tashkil etgan.

Airbnb uy egalarining ham daromad topishiga yordam beradi. Anʼanaviy ijara xizmatlari bilan solishtirilganda, Airbnb orqali uyni ijaraga bergan odam oʻrtacha anʼanaviy ijaradan ikki barobar koʻp daromad olishi mumkin.

Kompaniyaning bozordagi ulushi har 2-3 yilda ikki baravarga oshmoqda. Bu oʻsishning asosiy sababi — Airbnbʻning klassik mehmonxona xizmatlariga nisbatan ancha arzon boʻlishi (ayrim holatlarda 60 foizgacha farq).

Oʻsish istiqbollari

Airbnbʻning kelajakdagi oʻsishiga katta turtki beradigan omil — kompaniyaning Xalqaro Olimpiya Qoʻmitasi (XOQ) bilan 2028 yilgacha tuzilgan homiylik shartnomasi. Unga koʻra, Airbnb Tokio (2020), Pekin (2022), Parij (2024), Milan (2026) va Los-Anjelesda (2028) boʻlib oʻtadigan Olimpiya oʻyinlari paytida sportchilar va rasmiylar uchun bepul turar joy bilan taʼminlaydi.

Airbnb endi oddiy ijara platformasi emas — u dunyodagi eng yirik tadbirlar uchun turar joy xostingi bilan shugʻullanuvchi global maydonga aylangan. Olimpiadada taxminan 15 ming atlet ishtirok etadi va 500-700 minggacha mehmon tashrif buyuradi.

Airbnbʻning nomer fondi yaqin raqibi HomeAwayʻdan 2,5 baravar katta. 2008 yilda xizmat ishga tushganidan beri, Airbnb orqali uyini ijaraga bergan foydalanuvchilar jami 80 milliard dollardan ortiq daromad topgan (2019 yil 15 sentyabr holatiga koʻra).

Bugungi kunda Airbnb bazasida 100 mingdan ziyod shaharlarda joylashgan 7 millionta turar joy obyekti bor.