Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida hududlarning turizm salohiyatini yanada oshirish hamda xorijiy hamkorlar bilan amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarini jadallashtirish yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazilmoqda.
Yigʻilishda taʼkidlanishicha, Oʻzbekiston banklari birinchi chorakda xorijdan 1,2 milliard dollar resurs jalb qilgan. Buning yarmidan koʻpi 4 ta bankka toʻgʻri kelmoqda. Prezident qolgan banklar ham bu boradagi ishini faollashtirishi muhim ekanini taʼkidladi.
Andijon, Toshkent viloyati va Toshkent shahrida tadbirkorlar bilan faol ishlangani uchun ushbu mablagʻlarning koʻpi shu hududdagi loyihalarga toʻgʻri kelayapti.
Nima uchun qolgan hokimlar sifatli loyiha qilib, tayyor pulni ishlatmaydi?, — deya savol qoʻydi prezident.
Endilikda banklar chetdan mablagʻ jalb qilishi bilan uni qanday loyihalarga, qancha muddatga va qaysi shartda berishi haqida hokimlarni xabardor qiladi. Hokimlar esa tadbirkorlar ishlab chiqqan tayyor loyihalarni toʻplab, banklarga taqdim etadi.
Davlat rahbari yigʻilishni yakunlar ekan, barcha mutasaddilarni yana bir bor ogohlantirdi.
Har bir daqiqani gʻanimat bilib, qoʻyilgan katta marralarga mos ravishda ishni tashkil qilish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yigʻilish davomida turizm sohasida namunali faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan muloqot qilindi, tarmoq va hududlar rahbarlarining hisobotlari tinglandi.


