Vazirlar Mahkamasining “Yoqilgʻi-energetika resurslari isteʼmolchilarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida 2024-2025 yillarda yoqilgʻi-energetika resurslari narxlarining bosqichma-bosqich oʻzgarish grafigiga oʻzgartishlar va qoʻshimcha kiritish haqida” 194-son qarori qabul qilindi, deb xabar beradi Energetika vazirligi.
Qayd etilishicha, davlat rahbarining topshirigʻiga muvofiq ishlab chiqilgan mazkur qaror bilan Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 16 apreldagi 204-son qarori bilan tasdiqlangan 2024-2025 yillarda yoqilgʻi-energetika resurslari narxlarining bosqichma-bosqich oʻzgarish grafigiga aholi uchun yengillik yaratadigan oʻzgartishlar kiritilmoqda.
Masalan, yoqilgʻi-energetika resurslari narxlarining oshishi muddati 1 apreldan 1 may sanasiga koʻchirildi.
Qolaversa, 201 kWhdan 1000 kWhgacha boʻlgan differensiallashgan tarif boʻyicha isteʼmol miqdori orasiga yangi miqdor kiritilmoqda. Yaʼni 2025 yil 1 maydan eʼtiboran aholi isteʼmolchilari 201 kWhdan 500 kWhgacha boʻlgan yangi miqdor oraligʻida har bir kWh uchun 800 soʻmdan toʻlaydi (shu paytgacha 201 kWhdan 1000 kWhgacha boʻlgan qismi uchun 1000 soʻmdan haq toʻlangan).

Taʼkidlanishicha, bir oyda oʻrtacha 500 kWh miqdorida elektr energiyasi sarflaydigan xonadon vakillari buning uchun 2025 yilning 1 may sanasiga qadar 360 ming soʻm toʻlardi (200 kWh bazaviy norma uchun 90 ming soʻm, 201 kWhdan 500 kWh uchun 270 ming soʻm). Tarif oʻzgarishlaridan soʻng bir oyda oʻrtacha 500 kWh tok ishlatadigan xonadon buning uchun 360 ming soʻm toʻlaydi (200 kWh bazaviy norma uchun 120 ming soʻm, 201 kWhdan 500 kWh uchun 240 ming soʻm). Yaʼni ular uchun narx oshayotgani yoʻq.
Bundan tashqari, qaror bilan elektr energiyasi va tabiiy gaz narxlari har yili 1 maydan bir marotaba yillik inflyatsiya darajasidan kelib chiqqan holda 10 foizdan yuqori boʻlmagan miqdorda indeksatsiya qilib borilishi belgilanmoqda.


