Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Virtual kartalar nima va ulardan qanday qilib toʻgʻri foydalanish mumkin?

Bugungi kunda tijorat banklari va toʻlov tashkilotlarining mobil ilovalarida virtual VISA kartalarini ochish imkoniyati mavjud.

Virtual kartalar – bu tijorat banklari va toʻlov tashkilotlarining elektron kartalari boʻlib, aynan internet orqali xaridlarni xavfsiz amalga oshirish maqsadida yaratilgan.

Virtual kartalarning anʼanaviy kartalardan yagona farqi ularni qoʻl bilan ushlab boʻlmasligida.

Virtual kartalarni qayerda va qanday ochish mumkin?

Virtual kartalar bank va toʻlov tashkilotlarining onlayn interfeyslari yordamida ochiladi (mobil ilovalari, Telegram-bot). Virtual kartalarni ochish uchun siz identifikatsiyadan oʻtgan mijoz boʻlishingiz (yaʼni, oʻz hisob raqamingizga ega boʻlishingiz) va mobil ilovada roʻyxatdan oʻtishingiz zarur. Virtual karta ochishga ariza qoldirganingizdan soʻng qisqa muddat ichida sizga virtual karta maʼlumotlari (karta raqami va CVC-kod) maʼlum qilinadi va siz ulardan onlayn xaridlar amalga oshirishda foydalanishingiz mumkin boʻladi.

Bugungi kunda tijorat banklari va toʻlov tashkilotlarining mobil ilovalarida virtual VISA kartalarini ochish imkoniyati mavjud. Bu shuni anglatadiki, siz maʼlum bir xarid uchun virtual karta yaratishingiz mumkin va kimdur uning maʼlumotlariga ega boʻlsa ham, sizning asosiy kartangizdagi mablagʻlardan foydalana olmaydi.

Virtual kartalarning qulayligi nimada?

  • xavfsizlik – virtual kartalar Internet orqali toʻlovlarni ishonchli va sinalgan usulda amalga oshirilish imkonini beradi;
  • tezlik – virtual kartalar banklar va toʻlov tashkilotlarining onlayn interfeyslari (mobil ilovalar yoki Telegram-bot) orqali qisqa muddatda ochiladi;
  • qulaylik – virtual kartalarni bankka bormasdan ochish imkoniyati mavjud.

Virtual kartalar yordamida nimalarga toʻlov qilish mumkin va qanday?

Virtual kartalar orqali siz quyidagilarni amalga oshirishingiz mumkin:

  • istalgan veb-saytlarda onlayn xaridlar qilish;
  • pullik xizmatlarga obuna uchun toʻlov qilish;
  • pullik funksiyalarni xarid qilib mobil ilovalaringiz yoki shaxsiy kompyuteringizdagi dasturlar imkoniyatlarini kengaytirish;
  • bank kartasi maʼlumotlarini talab qiluvchi servislarda roʻyxatdan oʻtishda virtual kartalardan foydalanish;
  • konvertatsiya va pul oʻtkazmalarini amalga oshirish.

Virtual bank kartalaridan naqd pul yechib olish va terminallar orqali xaridlar uchun toʻlov qilish mumkin emas.