Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Bankomat plastik kartani “yutib yuborsa” nima qilish kerak?

Bankomat kartani qaytarmaganda, odatda kerakli maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan chekni chiqaradi. Uni tashlab yubormaslik kerak.

Bankomatning bank kartasini ushlab qolishining asosiy sabablari:

  • pin kod ketma-ket uch marta notoʻgʻri kiritilgan;
  • bank kartasi muddati tugagan (muddati oʻtgan) yoki bloklangan;
  • bank kartasi mexanik zarar koʻrgan (chip zararlangan);
  • operatsiya tugaganidan keyin bank kartasini bankomatning karta rideridan 10-20 soniya ichida qaytarib olinmaslik;
  • bankomatning nosoz holatda boʻlishi.

Bankomat kartani qaytarmaganda odatda kerakli maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan chekni chiqaradi. Uni tashlab yubormaslik kerak, ushbu chek bank kartangizni qaytarib olish uchun bankka murojaat qilganda foydali boʻlishi mumkin.

Agar bankomat bunday chek bermagan boʻlsa, cheksiz ham bank kartasini qaytarib olish mumkin.

Bunday holatlarda amalga oshirish zarur boʻlgan harakatlar ketma-ketligi:

Amaliyotni bekor qilish:

  • “Bekor qilish” tugmasini bosing, bir necha daqiqa kutib turing — bu vaqt davomida “texnik nosozlik” avtomatik ravishda bartaraf etilishi mumkin. Agar bankomat bank kartangizni qaytarmasa, bankomatning joylashuviga (bank ichida yoki alohida ATM punktida) qarab bank xodimiga murojaat qiling.

Bankomatga xizmat koʻrsatuvchi bankka qoʻngʻiroq qiling:

  • Bankomatning oʻzida bank nomi va bank kartangizni qaytarib olishingiz uchun nimalar qilishingiz zarurligini tushintirish uchun aloqa raqami haqida maʼlumotlar mavjud. Bankomat bank binosida joylashgan boʻlsa, xodimlarga murojaat qiling.

Bank kartasi qaytarilmagani haqida telefon orqali xabar bering, bank kartasi maʼlumotlarini ayting, zarur hollarda savollarga javob bering. Bank xodimi sizga bank kartasini qaytarish uchun qayerga va qanday hujjatlar bilan murojaat qilishingiz kerakligini aytadi.

Siz bankomatni urish yoki uni ochishga harakat qilib, muammoni hal qilishga urinmang. Agar bunday harakatlar bilan bankomatga zarar yetkazsangiz, bank zararni qoplashni talab qiladi.

Xizmat koʻrsatuvchi bank vaziyatni oʻrganib chiqib, holat boʻyicha tushintirish olib boradi, bank kartasini bir kun ichida qaytarib beradi, yoki bank kartasiga zarar yetgan/muddati tugagan taqdirda, oldingi karta oʻrniga yangi kartani chiqaradi.