2025 yil 4 mart kuni Donald Tramp Kanada va Meksikadan import qilinadigan barcha tovarlarga 25 foizlik boj joriy qildi, shuningdek, Xitoydan keladigan mahsulotlarga bojni 10 foizdan 20 foizga oshirdi. Respublikachi siyosatchi bu qarorlarini saylovoldi kampaniyasi davridayoq vaʼda qilgan edi, ammo prezidentlik lavozimiga kirishganidan keyin ushbu farmonlarni imzolashni kechiktirib kelayotgandi. Tramp yuqoridagi uch davlatdan AQSHga kirib kelayotgan xavfli narkotik – fentanilning oldini olishni talab qildi. Meksika va Kanada uchun esa yana qoʻshimcha tarzda noqonuniy migratsiyani toʻxtatish uchun chegaraviy nazoratni kuchaytirishni ham soʻradi. Mamlakatlar Vashington talablariga muvofiq harakat qilishga tayyorligini bildirganiga qaramay, ushbu davlatlar bojlarning joriy etilishining oldini ololmadi. Bu tarif urushi taxminan 1,5 trillion dollarlik importga taʼsir koʻrsatadi va butun dunyo iqtisodiyoti uchun oldindan aytib boʻlmaydigan oqibatlarni yuzaga keltirishi mumkin.
Qaysi tovarlar Amerika bojlaridan jabr koʻradi?
Bojlar minglab turdagi tovarlarga taʼsir koʻrsatadi. Kanada, Meksika va Xitoy — AQSHning eng yirik savdo hamkorlari boʻlib, ularning ulushi Amerika tashqi savdosining 40 foizini tashkil qiladi. Bojlar natijasida narxlari oshishi ehtimoli yuqori boʻlgan ayrim tovarlar toifalari quyidagilar:
Avtomobillar. Amerika avtosanoati Meksika va Kanadadagi yigʻuv jarayonlariga bogʻlanib qolgan. Bojsiz savdo yillar davomida bu sohani uch mamlakat uchun yagona bozorga aylantirgan. Hatto ayrim ehtiyot qismlar avtomobil toʻliq yigʻilgunigacha 6–8 marta AQSH chegarasini kesib oʻtadi. Endi har bir shunday tranzit 25 foizlik bojga tortiladi, bu esa mashinalar narxiga taʼsir qilmay qolmaydi. Hisob-kitoblarga koʻra, bir mashina narxi Amerika xonadonlari uchun oʻrtacha 2,5 ming dollarga qimmatlashishi mumkin.
Elektr energiyasi. AQSH Kanada va Meksikadan kelayotgan energiya resurslariga tayanadi. Tramp Kanadaga maʼlum istisno qilgan — bu mamlakatdan kelayotgan neft va boshqa xomashyolarga 25 foiz emas, balki 10 foizlik boj joriy qilingan.
Elektronika. AQSH butun dunyo kabi smartfonlar, kompyuterlar va boshqa elektronika ishlab chiqarish uchun zarur qismlar boʻyicha Xitoy importiga qaram. Bojlarning oshishi natijasida bu qurilmalarning Amerika isteʼmolchilari uchun narxi koʻtarilishi ehtimoli yuqori.
Uy-roʻzgʻor buyumlari. Bu toifa ham Xitoy importlariga bogʻliq. AQSH — Xitoy uchun eng yirik eksport bozori boʻlib, 2024 yilda bu davlatga eksport 500 milliard dollardan oshgan. Bu toifaga maishiy texnika, oʻyinchoqlar, mebel, sport anjomlari, poyabzal, kiyim-kechak va tekstil mahsulotlari kiradi.
Oziq-ovqat va ichimliklar. AQSH koʻplab oziq-ovqat mahsulotlarini Kanada va Meksikadan import qiladi. Masalan, 2023 yilda Meksika AQSHning sabzavot importining 63 foizini, mevalar va yongʻoqlarning 43 foizini taʼminlagan. Shuningdek, bu mamlakat AQSHga eng koʻp pivo yetkazib beruvchi davlat hisoblanadi. Kanada esa goʻshtdan tortib gʻalla mahsulotlarigacha muhim qishloq xoʻjalik tovarlari eksporti bilan shugʻullanadi.
Yel universiteti tadqiqotchilariga koʻra, tarif urushi natijasida oʻrtacha amerikalik oila xarajatlari kamida 1000 dollarga oshishi mumkin, ayrim prognozlarga koʻra, bu koʻrsatkich 2000 dollargacha koʻtariladi. 5 mart kuni Kongress oldida chiqish qilgan Donald Tramp aholiga maʼlum “kichik noqulayliklar” yuzaga kelishini tan olgan.
U holda bojlardan qanday foyda?
2025 yil yanvar oyida AQSH moliya vaziri Skott Bessent tarif urushi mamlakatga uch asosiy yoʻnalishda foyda keltirishini aytgandi:
Adolatsiz savdo amaliyotlarini tugatish. Bu Amerikaning ishlab chiqarish sanoatiga ragʻbat berishga yordam berishi kerak.
Federal byudjetni qoʻshimcha daromad bilan taʼminlash. Bu Tramp saylovchilarga vaʼda qilgan soliqlarni kamaytirish dasturini amalga oshirishga yordam beradi.
Sanksiyalarga muqobil vosita. Tramp maʼmuriyatiga koʻra, Bayden davrida juda koʻp ishlatilgan sanksiyalar xalqaro iqtisodiy munosabatlarda oʻz samaradorligini yoʻqotgan.
Birinchi band Trampning umumiy izolyatsionistik siyosatiga mos keladi. Prezident Amerika kompaniyalarini ishlab chiqarishni AQSHga qaytarishga chorlamoqda, chet el firmalarini esa Amerika bozoriga moʻljallangan korxonalar qurishga undayapti. Buning evaziga u turli ragʻbatlar, jumladan, qurilish ruxsatnomalarini tezroq berish, soliqlarni kamaytirish va xorijiy raqobatchilarga qarshi bojlar joriy qilish orqali himoyalashni taklif qilmoqda.
Qoʻshimcha davlat daromadlari masalasida Tramp Kongressdagi nutqida “trillionlab dollar” bojlar orqali davlat gʻaznasiga tushishini aytgan. Uning rejasiga koʻra, 10 yil ichida aholi va biznes uchun 4,6 trillion dollarlik soliq imtiyozlarini moliyalashtirish uchun aynan shu daromad kerak. Ammo mutaxassislar bu raqamlarni shubha bilan qaramoqda. Masalan, Tax Foundation tahlil tashkiloti 2025 yilda bojlar orqali federal byudjetga 142 milliard dollar tushishini bashorat qilgan.
Sanksiyalarga muqobil vosita sifatida tariflardan foydalanish Tramp maʼmuriyati uchun strategik ahamiyatga ega. Bayden davrida joriy etilgan cheklovlar, ayniqsa, Rossiyaga qarshi sanksiyalar, AQSH dollariga boʻlgan xalqaro ishonchga taʼsir qilgan. Tarif siyosatining tarafdorlari Tramp bu vositani Kolumbiyada samarali qoʻllaganini taʼkidlaydi: u Bogotani AQSHdan noqonuniy migrantlarni chiqarish boʻyicha hamkorlik qilishga majburlagani uchun bojlar bilan tahdid qilgan va tezda maqsadiga erishgan.
Bu Kanada, Meksika va Xitoyga qanchalik taʼsir koʻrsatadi?
Kanada, Meksika va Xitoy bojlardan ancha katta jabr koʻradi, ayniqsa Kanada va Meksika. Bu ikki davlat oʻzlarining eng yirik savdo hamkoridan bogʻlanib qolgan. 2024 yilda Meksika AQSHga 505 milliard dollarlik tovar eksport qilgan boʻlib, bu mamlakat YAIMining taxminan 30 foiziga teng. Kanada esa 412 milliard dollarlik tovar eksport qilgan, bu esa mamlakat YAIMining 20 foizini tashkil etadi. Solishtirish uchun, AQSHning Meksikaga eksporti 334 milliard, Kanadaga esa 349 milliard dollarni tashkil qilgan boʻlib, bu ikki holatda ham mamlakatning YAIMiga nisbatan 1 foizdan kamroqni tashkil qiladi.
Kanadada eng katta zarba avtomobil sanoati va energetika sohasiga kelib tushadi. Bu ikki sektor har yili AQSHga taxminan 185 milliard dollarlik mahsulot eksport qiladi. Bojlar natijasida ishlab chiqarish xarajatlari oshib, ayrim korxonalar foyda keltirmay qoʻyishi mumkin. Shuningdek, kompaniyalar yuzaga kelgan qoʻshimcha xarajatlarni isteʼmolchilarga yuklaydi, bu esa narxlarni oshirishga olib keladi. Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo yangi shart-sharoitlarga moslashish oson boʻlmasligini tan olgan va hukumat biznes uchun salbiy taʼsirni yumshatish maqsadida choralar koʻrishini aytgan.
Meksika ham avtomobil sanoatini qayta koʻrib chiqishga majbur boʻladi. 2024 yilning 11 oyida mamlakat AQSHga 87 milliard dollarlik avtomobil va 64 milliard dollarlik ehtiyot qismlar eksport qilgan. Bojlarning oshishi avtomobil narxlarining oʻsishiga olib keladi va bu mahsulotlarning amerikalik isteʼmolchilar uchun raqobatbardoshligini pasaytiradi. Mutaxassislarning fikricha, bu jarayon zanjir boʻylab ish oʻrinlari qisqarishiga olib kelishi mumkin. Baʼzi tahlillarga koʻra, milliy iqtisodiyotning 4 foizga pasayishi ehtimoli bor. Prezident Klaudiya Sheynbaum hukumat yangi bozorlarni izlash va xorijiy sarmoyadorlarni jalb qilish yoʻnalishida faol ish olib borajagini maʼlum qilgan. Asosiy eʼtibor Yevropa Ittifoqiga qaratilishi mumkin, biroq YEI AQSH oʻrnini toʻliq bosa olmaydi.
Xitoy esa tarif urushiga nisbatan yaxshiroq tayyorlangan. Ekspertlarning hisob-kitoblariga koʻra, 20 foizlik bojlar 2025-2027 yillar oraligʻida mamlakatning YAIM oʻsishini taxminan 0,6 foizga sekinlashtirishi mumkin, biroq jahondagi ikkinchi yirik iqtisodiyot oʻz mahsulotlari uchun muqobil bozorlar topishga qodir. Shuni ham unutmaslik kerakki, Xitoy AQSH bilan savdo qarama-qarshiligi sharoitida bir necha yildan buyon yashab kelmoqda. Donald Trampning ilk prezidentlik muddati davomida Xitoy tovarlariga 380 milliard dollarlik bojlar joriy qilingan, 2024 yilda esa Jo Bayden proteksionistik choralarni yanada kengaytirgan.
Jabr koʻrayotgan davlatlar Trampga javob qaytaradimi?
Ha. Eng keskin javobni Kanada berdi. Mamlakat darhol 25 foizlik bojlar joriy qilish rejasini amalga oshirishga kirishdi. Bu bojlar AQSHdan 107 milliard dollarlik importga taʼsir koʻrsatishi kerak. Ular ikki bosqichda joriy qilinadi. Birinchi bosqich allaqachon kuchga kirib, 20 milliard dollarlik tovarlarga taʼsir koʻrsatgan. Qolgan summa boʻyicha bojlar esa uch hafta ichida kuchga kiradi.
Xitoy esa AQSHning qishloq xoʻjalik mahsulotlariga 15 foizlik bojlar joriy qildi (meva va goʻsht kabi ayrim toifalar uchun “imtiyozli” 10 foizlik boj belgilangan). Bu choralar kelasi haftada kuchga kiradi. Shuningdek, Pekin AQSHning oʻnta mudofaa kompaniyasini “ishonchsiz” tashkilotlar roʻyxatiga kiritdi va yana oʻn beshta korxonaga eksport nazorati joriy qildi. Bu sanksiyalar Xitoy kompaniyalariga Amerika korporatsiyalari bilan ikki maqsadli texnologiyalar boʻyicha hamkorlik qilishni taqiqlaydi. Bundan tashqari, Xitoy hukumati keskin bayonotlar bilan chiqdi: mamlakatning Vashingtondagi elchixonasi AQSH bilan “har qanday urushga” tayyor ekanligini maʼlum qildi, Xitoy Tashqi ishlar vazirligi esa savdo mojarosiga sabab qilib koʻrsatilgan fentanilga oid ayblovlarni “ishonchsiz bahona” deb atadi.
Meksika esa hozircha ehtiyotkorlik bilan harakat qilmoqda va aniq javob choralarini eʼlon qilmagan.
Endi nima boʻladi?
Donald Tramp global iqtisodiy tartibni oʻzgartirishga boʻlgan urinishlarini davom ettiradi. U allaqachon Yevropa Ittifoqiga 25 foizlik bojlar bilan tahdid qilgan (“avtomobillar va boshqa narsalar” uchun). 12 martdan eʼtiboran xuddi shunday tariflar AQSHga olib kiriladigan barcha alyuminiy va poʻlatga nisbatan kuchga kiradi. Navbatda – mis. Bu esa Amerika prezidentining proteksionistik tashabbuslarining toʻliq roʻyxati emas.
Bu choralar oʻnlab yillar davomida shakllangan global logistika zanjirlarini buzmoqda va mehnat taqsimoti muvozanatini oʻzgartirishni talab qilmoqda. Investorlar tarif urushlariga asabiy reaksiya bildiryapti, bu esa AQSH birja indekslarining pasayishi va dollarning qadrsizlanishiga olib kelmoqda. Shuningdek, AQSH aholisi ham xavflar kuchayib borayotganidan mamnun emas: soʻrovlarga koʻra, amerikaliklar Trampdan inflyatsiyaga qarshi qatʼiyroq choralar koʻrishni kutmoqda va boshqa davlatlarga qarshi bojlar joriy qilishni ustuvor vazifa deb hisoblamaydi. Biroq, prezident oʻz yoʻnalishi toʻgʻri ekaniga ishonadi va uzoq muddatda bu tariflar AQSHga respublikachilar koʻp takrorlaydigan iqtisodiy farovonlikni taʼminlashini taʼkidlamoqda.


