Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Iyun oyidan boshlab oʻzbekistonliklar oʻz nomiga kredit rasmiylashtirishni taqiqlashi mumkin boʻladi

Banklar, mikromoliya va boshqa kredit tashkilotlari tomonidan kredit oluvchining oʻzini oʻzi taqiqlash reyestrida mavjudligi yoki mavjud emasligini tekshirmasdan fuqarolarga kreditlarni rasmiylashtirish taqiqlanadi.

Foto: Nova 24

“Kredit axboroti almashinuvi toʻgʻrisida”gi qonunga jismoniy shaxslarga kredit bitimlarini tuzishni taqiqlash va bu taqiqni bekor qilish imkoniyatini beruvchi oʻzgartishlar kiritilmoqda.

Oʻzini-oʻzi taqiqlash fuqaroning ishtiroki yoki xabardorligisiz kreditlar rasmiylashtirilishining oldini olish maqsadida joriy etilishi mumkin. Uni joriy etish yoki bekor qilish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri kredit byurosiga, davlat xizmatlari markaziga yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga murojaat qilish mumkin boʻladi.

Kredit byurosi buyurtmanomani olgandan soʻng darhol ariza beruvchini kredit bitimlarini tuzish taqiqlangan shaxslar reyestriga kiritishi kerak. Xizmat bepul koʻrsatiladi, uni koʻrsatishning aniq tartibini Vazirlar Mahkamasi belgilaydi.

Banklar, mikromoliya va boshqa kredit tashkilotlari tomonidan kredit oluvchining oʻzini oʻzi taqiqlash reyestrida mavjudligi yoki mavjud emasligini tekshirmasdan fuqarolarga kreditlarni rasmiylashtirish taqiqlanadi. Ular jismoniy shaxsning ishtirokisiz yoki xabardorligisiz qarz berishdan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uchun javobgar boʻladilar.

Shuningdek, qonunda kredit byurolari ustav kapitalining eng kam miqdori — 2 mlrd soʻm etib belgilanmoqda. Bundan tashqari, Markaziy bank tomonidan quyidagilar uchun ularga nisbatan qoʻllanilishi mumkin boʻlgan choralar va sanksiyalar belgilanmoqda:

  • kredit axboroti almashinuvi toʻgʻrisidagi va kredit byurolari faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik talablariga rioya etmaganlik;
  • kredit byurolari xizmatlari isteʼmolchilarining huquqlarini buzganlik;
  • litsenziya qalbaki hujjatlardan foydalangan holda olinganligi fakti aniqlanganligi.

Markaziy bank mazkur qoidabuzarliklarni bartaraf etish uchun majburiy koʻrsatmalar yuborish hamda BHMning 5 ming baravarigacha miqdorda jarima qoʻllashga haqli.

Bundan tashqari, jismoniy shaxs oʻzining ishtirokisiz yoki xabarisiz kredit bitimi rasmiylashtirilishining oldini olish uchun oʻzi bilan kredit bitimini tuzishni kredit byurosiga ariza kiritish orqali taqiqlashi mumkin.

Kredit bitimini tuzishni taqiqlash yoki bunday taqiqni olib tashlash ixtiyoriy amalga oshiriladi.

Qonun eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach — 6 iyundan kuchga kiradi. Kredit byurolari uchun jarimalar normasi 2026 yil 1 iyuldan boshlab amal qiladi.