Yengil avtotransport vositalarida yoʻlovchilarni shahar, shahar atrofi va shaharlararo tashish faoliyati oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar shugʻullanishi mumkin boʻlgan faoliyat turlari roʻyxatiga kiritiladi. Buning uchun litsenziya varaqasi talab etiladi.
Avval oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar sifatida yoʻlovchi tashishga 2025 yil 1 yanvargacha ruxsat berilgan edi.
Oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarning soliq davri (yil) davomida mehnat faoliyati natijasida yoki tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan 100 million soʻmgacha boʻlgan daromadlariga soliq solinmaydi. Bunda, yil tugashi bilan yangi yil boshidan daromadlar qaytadan hisoblanadi.
Soliq davrida daromadlari 100 mln soʻmdan oshganda yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun belgilangan tartib asosida soliqqa tortiladi.
Misol uchun, oʻzini oʻzi band qilgan taksistlarning 2024 yilda daromadi 100 million soʻmdan oshgan boʻlsa ham, 2025 yilda hisob-kitob yana “nol”dan boshlanadi. 2025 yil davomida 100 million soʻmgacha boʻlgan daromad soliqqa tortilmaydi.
Shuningdek, taksi faoliyati bilan band boʻlganlarga sodda va qulay boʻlishi uchun, daromadi 100 million soʻmdan oshganda (lekin 1 milliard soʻmgacha) ular uchun soliqni soliq agentlari (taksi agregatori) toʻlov manbaida avtomatik hisoblash va budjetga oʻtkazish yuzasidan tegishli takliflar ishlab chiqilgan. Mazkur taklif qabul qilinib, qonunchilikka kirilganida ushbu tartib asosida soliqqa tortish tizimi joriy etiladi.
Maʼlumot uchun, 2025 yil 1 fevral holatiga 736 ming nafar oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar yoʻlovchi tashish bilan shugʻullanadi.


