Foydalanuvchi kerakli davr va pul miqdorini tanlab kalkulyator yordamida Statistika agentligi tomonidan hisoblangan isteʼmol narxlari indeksining oylik maʼlumotlari asosida pul miqdorining belgilab olingan davr uchun yakuniy narxini aniqlashi mumkin boʻladi. Shuningdek, kalkulyator ushbu davr uchun oʻrtacha yillik va oʻrtacha oylik inflyatsiyani hisoblaydi.
“Inflyatsiya kalkulyatori” veb-saytning bosh sahifasi hamda «Pul-kredit siyosati» boʻlimida joylashgan.
1999 yil dekabr oyidan boshlab to bugungi kungacha istalgan sana va qiymatni kiritish mumkin. Masalan, bundan 20 yil oldin — 2005 yil fevral oyidagi 100 ming soʻm 2025 yil fevralda 574 ming 409 soʻmga aylangan.

Inflyatsiya kalkulyatori haqida
Inflyatsiya kalkulyatori aholi va tadbirkorlik subyektlari sotib olish qobiliyatiga vaqt oʻtishi bilan inflyatsiyaning taʼsirini baholashda foydalaniladigan instrument hisoblanadi. Foydalanuvchilar maʼlum bir summani kiritib, vaqt oraligʻini tanlash orqali pulning bugungi yoki oʻtgan yillardagi qiymatini bilib olishlari mumkin.
Inflyatsiya kalkulyatori kiritilgan ikki davr oraligʻida Isteʼmol Narxlari Indeksi (INI) dinamikasi asosida narxlar oʻzgarishi, davr boshidagi kiritilgan miqdorning yakuniy davrdagi qiymati, oʻrtacha yillik inflyatsiya va oʻrtacha oylik inflyatsiya koʻrsatkichlarini hisoblaydi.
Kalkulyatorda Statistika agentligi tomonidan hisoblab boriladigan Isteʼmol Narxlari Indeksi (INI) oylik maʼlumotlaridan foydalaniladi.
Misol uchun, 2020 yil dekabrda 100 000 coʻm boʻlgan tovar va xizmatlar qiymati 2022 yil dekabrda qancha boʻlganini aniqlash uchun:
2020 yil dekabr oyi uchun INI = 190.9
2022 yil dekabr oyi uchun INI = 235.7

Demak, 2020 yil dekabr oyidagi 100 000 coʻmlik tovarlar va xizmatlar qiymati 2022 yil dekabr oyida 123 468 soʻmni tashkil qilgan.


