Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Mehnat kodeksida oʻzgarishlar: yakshanba kuni taʼtil uchun hisobga olinmaydi

Endilikda har yilgi mehnat taʼtili va undan kelib chiqadigan kompensatsiyalar hisob-kitobida yakshanba kunlari inobatga olinmaydi. Shuningdek, taʼlim olayotgan xodimlar uchun oʻquv taʼtillari muddati aniq belgilandi.

Mehnat kodeksiga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar bilan ish haqi saqlanmaydigan taʼtilning davomiyligi jami 12 oylik davr mobaynida jami 3 oydan ortiq boʻlmasligi belgilandi. Amalda bu ish haqi saqlanmaydigan oxirgi taʼtil berilgan kundan boshlab bir yil davomida uzluksiz yoki jami 3 oydan oshmasligi kerak edi.

Mehnatga haq toʻlashning barcha tizimlarida xodimlarning oʻrtacha ish haqi xodimning oʻrtacha ish haqi saqlanib qoladigan oydan oldingi 12 oy uchun xodimga hisoblangan mehnatga haq toʻlash tarzidagi barcha daromadlar summasining 1/12 qismi miqdorida belgilanadi.

Endilikda yakshanba kunlari har yilgi mehnat taʼtili vaqti uchun haq toʻlashda inobatga olinmaydi. Shu bilan birga, ishdan boʻshaganda mehnat taʼtilini kompensatsiyaga almashtirish chogʻida ham yakshanba pulli kompensatsiya toʻlashda hisobga olinmaydi.

Oliy, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi tashkilotlarida kechki yoki sirtqi taʼlim shaklida oʻqiyotgan xodimlarga oʻrtacha ish haqi saqlangan holda laboratoriya-imtihon sessiyasida ishtirok etish davri uchun oʻquv taʼtillari beriladi.

Bu birinchi va ikkinchi kurslarda kechki taʼlimda oʻqiyotganlar uchun OTMda kamida 20 kun, oʻrta professional va oʻrta maxsus professional taʼlim tashkilotlarida esa 10 kun hamda oliy, oʻrta maxsus va kasb-hunar taʼlim tashkilotlarida sirtqi taʼlimda oʻqiyotganlar uchun kamida 30 kunni tashkil etadi.

Uchinchi va undan keyingi kurslarda taʼlim oluvchilar uchun oʻquv taʼtillari OTMda kechki taʼlim shaklida kamida 30 kun, oʻrta professional va oʻrta maxsus professional taʼlim tashkilotlarida 20 kun, shuningdek, oliy, oʻrta maxsus va kasb-hunar taʼlim tashkilotlarida sirtqi taʼlimda esa har yili kamida 40 kun etib belgilanadi.

Bundan tashqari, 18 yoshgacha boʻlganlarga oʻrindoshlik asosida ishlashga yoʻl qoʻyilmaydi. Taqiq oʻrindoshning asosiy ishi noqulay mehnat sharoitlari bilan bogʻliq boʻlsa bunday ishlarda ishlashga (sogʻliqni saqlash tizimidan tashqari) nisbatan qoʻllaniladi.