Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Tadqiqot: sunʼiy intellekt inson tafakkurini zaiflashtiradi

Sunʼiy intellektdan (SI) notoʻgʻri foydalanish insonning tanqidiy fikrlash va muammolarni ijodiy hal etish qobiliyatini susaytiradimi? Microsoft va Karnegi-Mellon universiteti bu borada tadqiqot oʻtkazdi.

Microsoft va Karnegi-Mellon universiteti tomonidan oʻtkazilgan soʻnggi tadqiqot shuni koʻrsatdiki, ish jarayonida sunʼiy intellektdan tez-tez foydalanish insonlarning tanqidiy fikrlash qobiliyatini zaiflashtirishi mumkin. Xodimlar sunʼiy intellektga qanchalik koʻp tayansa, oʻzlarining tahlil qilish qobiliyatidan shuncha kam foydalanadi.

Tadqiqot qanday oʻtkazildi?

Tadqiqot doirasida 319 nafar mutaxassis generativ sunʼiy intellektdan qanday foydalanishlari haqidagi 936 ta misolni aytib bergan. Ishtirokchilarga qaysi SI vositalaridan foydalanganliklari, ularning natijalariga qanchalik ishonishlari va ushbu vazifalarni sunʼiy intellektsiz mustaqil bajarishga qanchalik ishonchlari borligi haqida savollar berilgan.

Sunʼiy intellektga haddan tashqari tayanish xavf tugʻdiradimi?

Natijalarga koʻra, xodimlar SI natijalariga qanchalik koʻp ishonsa, shunchalik kam tanqidiy fikrlay boshlaydi. Ular natijalarni qoʻshimcha tahlil qilishmaydi va tekshirmaydi. Aksincha, sunʼiy intellektga ishonchi past boʻlgan mutaxassislar natijalarga tanqidiy yondashgan va SI tomonidan berilgan javoblarni yaxshilashga harakat qilgan.

Tadqiqotchilarning taʼkidlashicha, bu holat ayniqsa, oddiy yoki takroriy vazifalar bajarilganda yaqqol namoyon boʻladi. Bunday hollarda odamlar sunʼiy intellektga toʻliq tayanishga moyil boʻlib, bu esa ularning mustaqil muammolarni hal qilish qobiliyatini susaytirishi mumkin. Uzoq muddatda bu texnologiyalarga haddan tashqari qaramlikni keltirib chiqaradi..

Bu oldin ham kuzatilgan holatmi?

Tadqiqotchilar bu xavotirlar yangilik emasligini taʼkidlashmoqda. Ilgari yozuv, matbaa, kalkulyator kabi texnologiyalarning paydo boʻlishi ham inson tafakkuriga taʼsiri borasida shubha uygʻotgan edi. Notoʻgʻri qoʻllanilganda har qanday texnologiya kognitiv qobiliyatlarning zaiflashishiga sabab boʻlishi mumkin. Shu bois, sunʼiy intellekt vositalarini shunday ishlab chiqish kerakki, ular insonning tanqidiy fikrlash qobiliyatini rivojlantirishga yordam bersin. Masalan, SI oʻz natijalariga tushuntirish berishi yoki foydalanuvchiga oʻzgarishlar kiritish imkoniyatini taqdim etishi kerak.

Xulosa

Sunʼiy intellekt mehnat unumdorligini oshirishi, ammo unga haddan tashqari ishonish va tanqidiy tahlil qilmaslik odamlarning mustaqil fikrlash va muammolarni hal qilish qobiliyatiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Shu bois, SIni toʻgʻri qoʻllash va unga bogʻlanib qolmaslik muhimdir.