2013 yilda Jeyms Xauells tasodifan ichida bitkoinlar bor qattiq diskni tashlab yuboradi. Oʻsha vaqtning oʻzida diskdagi bitkoinlar qiymati 500 ming dollarni tashkil etgan, hozirda esa ularning qiymati 750 million dollardan oshadi. Xauells shundan buyon chiqindilar toʻplanadigan joyga borib, oʻz diskini qidirish bilan shugʻullanadi, ammo shahar hukumati bunga qarshilik bildirmoqda.
Blokcheyn boshlangan vaqtda britaniyalik dasturchi va kriptovalyutaga qiziqadigan Jeyms Xauells bir necha ming bitkoinni saqlab qoʻyishga qaror qiladi. U vaqtda bitkoinlar juda kulgili narxda boʻlib, Jeyms qattiq diskda aloqa hamyon ochadi, ularni kelajak uchun saqlab qoʻyadi.
Qattiq disk Jeymsning ofisida yotardi, ammo 2013 yilda qahramonimiz (boshqa versiyaga koʻra, uning qiz oʻrtogʻi) keraksiz buyumlarni tashlab yuborishga qaror qiladi. Taqdir taqazosi bilan ichida bitkoinlar bor disk ham chiqindiga uloqtiriladi.
Keyinroq Jeymsning oʻzi intervyu davomida uning ikkita bir xil qattiq diski boʻlgani, birida bitkoinlar saqlangani, ikkinchisi esa buzilganini aytib bergan. Natijada, u boshqa diskni tashlab yuborgan.
Jeyms qanday xatolikka yoʻl qoʻyganini darhol anglaydi. U Uelsdagi Nyuport shaharchasida istiqomat qilardi, bu yerdagi barcha chiqindilar oxir-oqibat yagona katta poligonga toʻplanadi.

Disk yoʻqotilgan vaqtda uning ichida taxminan 7,5 ming bitkoin boʻlgan. Uning kursi esa 65 dollarni tashkil etardi — bu qariyb 500 ming dollar degani.
Tabiiyki Jeyms yoʻqolgan diskini topishga bir necha bor urinib koʻradi. U chiqindixonaga borib, oʻzi qidirishga kirishadi, keyinroq yana ikki kishini yollaydi va ular hamma joyni titib chiqishni boshlaydi. Ammo barchasi muvaffaqiyatsiz kechadi. Shundan keyin Jeyms quyidagicha yoʻl tutadi:
U Nyuport rasmiylariga toʻgʻridan-toʻgʻri murojaat qilib, chiqindi poligonini yaxshilab koʻzdan kechirishi uchun ruxsat soʻraydi. Jumladan, maxsus texnikalarni ham olib kelmoqchi boʻladi. Ammo shahar maʼmuriyati keskin rad javobini beradi — qidiruv ishlari bir qator litsenziya va reglamentlarni buzishi, shuningdek, ekologiyaga jiddiy zarar yetkazishini aytishadi.
Jeyms shahar rasmiylarini koʻndirish oson boʻlmasligini tushunib yetadi va boshqacha yoʻl tutishga qaror qiladi. U maksimal darajada professional, chiqindilarni ehtiyotkorlik bilan koʻzdan kechiradigan va yetkaziladigan zararni minimal darajaga tushiruvchi jiddiy jamoani yollashga pul tikadigan investorlarni topadi. Ammo shahar maʼmuriyati bunga ham koʻnmaydi.

Shundan keyin vaziyatga “ogʻir artilleriya” aralashadi. Xauelles munitsipalitetga topilgan bitkoinlarning 40 foizini vaʼda qiladi. Ammo bunga ham rozi boʻlishmagach, mukofot miqdori 50, 60 foizgacha oshiriladi. Biroq baribir rasmiylar bilan kelishib boʻlmaydi.
Yoʻqolganiga 12 yil boʻlayotgan qattiq diskni qidirishdan maʼni bormi oʻzi? Oʻtgan yillar davomida u chiqindilar ostida chirib ketgan boʻlishi mumkinku. Ammo Xauellsning aytishicha, disk mustahkam va germetik plastik qadoqda boʻlgan, uning ichidagi bitkoinlarga esa hech narsa qilmaydi. Shu bilan birga, qahramonimizning aytishicha, diskka shikast yetgan taqdirda ham uning ichidagi bitkoinlarni koʻchirib olish mumkin.
Shunday qilib, Jeyms shahar hukumatiga hamkorlikning turli variantlarini taklif etishni davom etadi. Qaysidir onda “xazina izlovchi” mahalliy amaldorlarni shu qadar bezor qilib yuboradiki, ular Jeymsni qabul qilmay qoʻyadi. Xauells shu bilan toʻxtab qolmaydi.
Birinchidan, u oʻrganishlar olib borib, qattiq disk poligonning foydalanilmaydigan sektoridagi koʻp metrli chiqindi qatlamlari ostida yotganini aniqlaydi. Ikkinchidan, u disk chiqindilarni qayta ishlash vaqtida maydalanib ketmasligi uchun sunʼiy intellekt skanerga ega maxsus qurilmali konveyer orqali hududni oʻrganish niyatida. Agar konveyerda diskka oʻxshash biror buyum paydo boʻlsa, qurilmani uni taniydi va chiqindilar oqimidan ajratib oladi.
2023 yilning oxirida dasturchi bir guruh yuristlarni yollaydi va shahar hukumatini sudga beradi. Uning fikricha, amaldorlar unga yoʻqotilgan shaxsiy mulkini qaytarish imkoniyatini bermayapti, shuningdek, oʻzlarini juda shubhali va dushmanlik kayfiyatida tutmoqda.

Biroq oxir-oqibat sud Xauellsning chiqindixonaga kirishga ruxsat berish yoki 495 mln funt sterling miqdorida tovon puli toʻlash haqidagi daʼvosini rad etdi. Sudya bu daʼvoni qoʻzgʻatish uchun “oqilona asoslar” mavjud emasligini taʼkidladi.
Maʼmuriyat chiqindixonani yopishni rejalashtirmoqda va uning hududining bir qismida quyosh elektr stansiyasini qurishga ruxsat olgan.
Qayd etilishicha, Xauells esa endi yoʻqolgan boylikni topish uchun chiqindixonani sotib olish imkoniyatini koʻrib chiqmoqda. U chiqindixonaning tez orada yopilishi haqidagi xabar oʻzi uchun “mutlaqo kutilmagan yangilik” boʻlganini taʼkidladi. Uning aytishicha, maʼmuriyat sudda bitkoinlarni qidirish uchun chiqindixonani yopish Nyuport aholisiga juda katta salbiy taʼsir koʻrsatishini bildirgan.


