Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat, sogʻliqni saqlash va ijtimoiy masalalar qoʻmitasida nafaqalarni tayinlash va toʻlash bilan bogʻliq ishlarni takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi dastlabki tarzda koʻrib chiqildi.
Mazkur qonun loyihasi bilan “Davlat boji toʻgʻrisida”gi, “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi qonunlarga nafaqalarni tayinlash va toʻlash bilan bogʻliq oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Yaʼni, pensiya olish yoshiga toʻlgan (erkaklar 60 yosh, ayollar 55 yosh) fuqarolarga yoshga doir pensiyasini ularning alohida murojaatini talab etmagan holda fuqaroning ish staj, ish haqi va boshqa maʼlumotlarini vazirlik va idoralarning axborot tizimlaridan olingan maʼlumotlar asosida bir kun muddatda proaktiv shaklda tayinlash tartibini joriy etish belgilanmoqda.
Amaldagi tartibga koʻra, fuqarolar belgilangan pensiya yoshiga toʻlganidan soʻng, pensiya tayinlashni soʻrab yashash joyidagi Pensiya jamgʻarmasi boʻlimiga, Davlat xizmatlari markaziga va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan roʻyxatdan oʻtib, soʻrovnomani toʻldirgan holda murojaat qiladilar.
Qonun loyihasida shuningdek, fuqaro pensiya yoshiga yetib, ammo mehnat faoliyatini davom ettirish istagi boʻlganida proaktiv shaklda tayinlanadigan yoshga doir pensiyani rad qilish tartibini ham joriy etish nazarda tutilmoqda
Qonun tashabbuskorlarining fikricha, belgilanayotgan normalar fuqarolarga pensiya taʼminoti boʻyicha koʻrsatiladigan davlat xizmati sifatini oshirishga, ortiqcha byurokratik toʻsiqlar bartaraf etilishiga xizmat qiladi.
Qonun loyihasi siyosiy partiyalar fraksiyalari muhokamasiga kiritish uchun tayyorlanmoqda.


