Dunyo milliarderlari orasida Jek Ma kabi noodatiy umr tarixiga ega inson boʻlmasa kerak. Oʻz intervyularining birida u yaxshi aloqalar, siyosiy yoki boylik boʻlmasa, Xitoyda muvaffaqiyatga erishib boʻlmasligini aytgandi. Uning oʻzida yuqoridagilarning hech biri boʻlmagan. Ammo u Xitoyning eng badavlat insonlaridan biriga aylanishga muvaffaq boʻldi. Bu orqali Jek har qanday inson istlagan natijaga erishishi mumkinligi, buning uchun universal retsept, taʼlim, ota-onaning jamiyatdagi mavqei yoki yana nimadirlar ahamiyat kasb etmasligi, faqat maqsad qoʻyib va harakat qilish kerakligini isbotlab berdi.
Umuman olganda, Jek aslida Jek emas. U 1964 yilda Xitoyning Xanchjou shahridagi qashshoq oilada dunyoga kelgan. Richard Niksonning kommunistik Xitoyga tashrifidan keyin ikki mamlakat oʻrtasidagi munosabatlar yaxshilana boshlaydi va yosh Ma Yun ingliz tilini oʻrganish imkoniyatini qoʻlga kiritadi. U chet elliklarga bepul ekskursiyalar tashkil etib, oʻzining til bilish darajasini oshib boradi. Oʻshanda Ma Yun Jekka aylanadi. Turistlar oʻz gidining ismini aytishga qiynalardi, shu bois uni gʻarbliklarga xos ism — Jek deya chaqirishni boshlaydi.
Shu bilan birga, Maning maktabdagi oʻqishlari yaxshi emasdi: u boshlangʻich maktabda ikki marta, oʻrta maktabda uch martda, institutga kirishda esa ikki marta yiqiladi. Bu borada u Albert Eyshteyn, Uinston Cherchill va Avraam Linkoln bilan bir safda deyish mumkin. Gap uning barcha bilimlarni oʻzgalashtirishga vaqti yoʻqligida emasdi. Hatto hozirgi kunda ham Xitoyning eng badavlat insonlaridan biri hisoblanuvchi Jek Ma hisob-kitobda qiynaladi.
Hatto korporativ karyerada ham Maning omadi chopmaydi. Tadbirkorning aytishicha, unga ishga qabul qilishda oʻttiz marotaba rad javobini berishgan, KFC 24 nomzoddan 23 nafari qabul qilingan (faqat Jekdan tashqari). Ma kompyuterni ilk bor 1995 yilda, 31 yoshida, shunda ham AQSHga tarjimon sifatida borganida koʻrgan. U “internet” degan soʻz va uning imkoniyatlari bilan tanishganida, birinchi boʻlib Ma “beer” (pivo) deya qidiruv bergan. Tizim chiqarib bergan natijalarda Amerika, Belgiya pivolari boʻlib, Xitoyniki yoʻq edi. Shunda Ma Amerika internetida Xitoy haqida hech qanday maʼlumot yoʻqligini tushunib yetadi va oʻz vataniga ham internet kirib kelishini istaydi. Alibaba tarixi shunday boshlanadi. Ma oʻzining kompaniyasini “1001 xato” deb ataydi.
Kompaniya 1999 yilda Jek Ma va uning sheriklari tomonidan tashkil etiladi. Kompaniyaning dastlabki yillarida ijara uy ofis xizmatini bajargan. Uning ilk xodimlari esa mazkur ijara uyda 24/7 kun davomida ishlar, uxlar va ovqatlardi.
Dastlab kompaniya malakali ishchilarga maosh toʻlashga qurbi yetmasdi, shuning uchun Xitoyning qishloq joylaridan yosh va tajribasiz odamlarni ishga olishni maʼqul koʻradi. Kompaniya yaratilishining dastlabki bosqichida 17 kishidan atigi 4 nafari ITʻni tushungan. Internetni endigina oʻzlashtirgan aholining oʻrta sinfiga eʼtibor qaratgan Jek Ma esa unga taklif qilingan ishlanmalarning qariyb 90 foizini rad etadi.
Asosiy sabab — agar u tushunmagan boʻlsa, demak, ITʻ ni tushunmaydigan boshqa foydalanuvchilarning ham tushunishi qiyin boʻladi. Dastlab, Alibaba.com onlayn-doʻkoni yaratilgan boʻlib, u kichik va oʻrta biznes savdo qilish platformasi sifatida rejalashtirilgandi.
Dastlab, butun dunyo boʻylab xaridorlar faqat xitoylik sotuvchilardan tovarlar sotib olishlari mumkin edi, ammo keyinchalik bu qayta koʻrib chiqilib, bugungi kunda boshqa mamlakatlar sotuvchilari ham bu yerda sotuvlarni amalga oshiradi.

2013 yilda Alibaba boshqa 8 kompaniya bilan birgalikda Sainiao logistika korxonasini tashkil etadi. 2014 yilda esa Jek Ma rahbarlik qiladigan kompaniya aksiyalari qiymati 25 milliard dollarga yetadi.
Shundan buyon Alibaba yirik xaridlar va boshqa kompaniyalarni qoʻshib olish hisobiga kengayib bormoqda. Kompaniya 2014 yilda Intime univermagi, 2015 yilda Liangua supermarketlar tarmogʻi va Suning texnika doʻkonlarini xarid qilish orqali oflayn savdoga kirib boradi. 2017 yilda Amazon Whole Foods oziq-ovqat tarmogʻiga 13,7 milliard dollar sarmoya kiritadi, yarim yildan keyin esa Maning Alibabaʼsi 2,9 milliard dollarga Xitoydagi oziq-ovqat doʻkonlari tarmogʻi operatori — Sun Art Retailʻning uchdan bir qismini sotib oladi. Alibabaʼning barcha doʻkonlarida maʼlumotlar tahlili va yangi texnologiyalar hisobiga biznes samaradorligi oshirib kelinadi.
2017 yilda Alibaba Xitoydan tashqaridagi startaplarga ham faol investitsiya kiritishni boshlaydi: Tokopedia, Lazada, Big Backer va Paytm. Shuningdek, Alibaba ikkilamchi bozordagi avtomobillar, ovqat yetkazib berish, veloshering kabi servislarga ham sarmoya kiritadi. Ma oʻzining shaxsiy mablagʻlarini ham sarflashdan qoʻrqmaydi. 2018 yilda Blue Pool Capital jamgʻarmasi (Ma va uning sherigi Jozef Saining pullarining boshqaruvchi) Harvard biznes maktabining ikki talabasi tomonidan 2009 yilda asos solingan Rent the Runway servisiga 20 million dollar investitsiya kiritadi. Ushbu startapning asosiy vazifasi — barcha qizlar uchun odatiy boʻlgan kechki bazm uchun koʻylak tanlash muammosini hal etishdan iborat. Avvaliga sayt orqali faqat kiyim-kechaklarni ijraga olish mumkin boʻlgan, hozir esa uning saytidan kundalik ehtiyojlarda ishlatiladigan barcha narsani topish imkoni bor.
2018 yil sentyabrda Jek Ma 54 yoshida nafaqaga chiqishini va xayr-saxovat bilan shugʻullanishini eʼlon qiladi. Bloombergʼga bergan intervyusida boyligi oʻsha vaqtda 40 milliard dollarni tashkil etgan Ma Bill Geytsdan oʻrganishi kerak boʻlgan narsalari koʻpligi haqida gapiradi.

Alibaba muvaffaqiyatining asosiy sirlaridan biri mijozlarning keng doiradagi manfaatlarini qondirishga qaratilgan noyob marketing siyosatidan foydalanishi hisoblanadi. Kompaniya butun dunyo boʻylab foydalanuvchilarga tovarlarni raqobatbardosh narxlarda sotib olish imkoniyatini taqdim etadi — bugungi kunda Alibaba.com dunyodagi eng yirik B2B platformasi hisoblanadi.
Yaʼni, Business-to-business tushunchasi oldi-sotdi jarayoni boʻlib, unda shartnoma munosabatlarining subyekti sifatida tijorat faoliyati bilan shugʻullanuvchi yuridik shaxslar yoki tadbirkorlar ishtirok etadi. Tadbirkorlarning 73 foizdan ortigʻi platformada ommaviy xaridlarni amalga oshiradi.

Alibaba Group nafaqat tovarlarni sotishga imkon beradi, balki oʻz mijozlariga qulaylik yaratish uchun elektron platformalarini mamlakatlar, mahsulot assortimenti va maqsadli auditoriya boʻyicha ajratadi.
Xitoy hukumati bilan ziddiyat
2020 yil oktyabrda Jek Ma XXR hukumatini moliyaviy sohalarga innovatsiyani joriy etishga urinmayotganlikda ayblab, davlat banklarini tanqid qiladi va bozorning yangi oʻyinchilarini kambagʻal insonlarga garov evaziga qarz ajratishga chaqiradi. Shundan keyin Ma Xitoyda qiyinchiliklarga duch keladi: regulyatorlar Ant Groupʻning Honkong va Shanxay birjalariga chiqishini toʻxtatib qoʻyadi (IPOʻdan keyin kompaniya qiymati 315 milliard dollarga chiqishi kerak edi, ammo u 78,5 milliard dollargacha tushib ketadi), 2021 yil aprelda esa Alibaba antimonopoliya qonunchiligini buzgani uchun 2,8 milliard dollar jarimaga tortiladi. 2023 yil iyulda Xitoy hukumati Ant Groupʻga nisbatan tergovlarini yakunlaydi: kompaniya korporativ boshqaruv va isteʼmolchilarining moliyaviy xizmatlar himoyasini buzishda aybdor deb topiladi. Oʻsha yilning yanvarida Ma Ant Group boshqaruvini qoʻldan boy beradi. Bloomberg hisob-kitoblariga koʻra, Ant Group va Alibaba hukumat bilan kelishmovchilik oqibatida 850 milliard dollardan ortiq mablagʻ yoʻqotgan.

2023 yil mart oyida Alibaba biznesini oltita alohida kompaniyaga boʻlishga qaror qiladi. Shundan soʻng Maning oʻzi bir necha oy ommaga koʻrinish bermay yuradi. Financial Times Ma oilasi bilan Tokioda yashagani, keyinroq yana Xitoyga qaytgani haqida yozgan edi.
Jek Ma rafiqasi Chjan In bilan universitetida ishlab yurganida tanishgan. Biznesmen oʻz oilasi haqida gapirishni yomon koʻradi. Business Insider maʼlumotlariga koʻra, uning ikki farzandi bor: oʻgʻil va qiz.


