Rossiyaning 17 ta telekanali YouTube akkauntlari bloklangani uchun Google korporatsiyasidan talab qilayotgan jami summa 15 yanvar kuni 1,81 duodetsillion rublga yetdi. Bu haqda ikki nafar manbasining soʻzlariga tayanib “RBK” nashri xabar berdi. Duodetsillion bu — 39 ta nolga ega raqam.
2021 yilda Rossiya sudi Googleʼga oshib boradigan jarima belgilagan, chunki korporatsiya YouTubeʼdagi Rossiya propaganda kanallarini, jumladan, “Birinchi kanal”, VGTRK, NTV, “Zvezda” va Margarita Simonyanning kanallarini tiklashdan bosh tortgan. Sud qaroriga koʻra, faoliyati toʻxtatib qoʻyilgan kanallarning har bir kuni uchun 100 ming rubl miqdorida jarima hisoblanadi, bunda Google qarorni bajarmaguncha jarima har hafta ikki baravar koʻpayib boradi.
Googleʼga belgilangan progressiv jarima miqdori cheklanmagan. 2024 yil oktyabr oxirlarida u 2 undetsillionga (36 ta nolga ega raqam) yetgandi. Maʼlum muddatdan keyin jami summa gugoldan — 100 ta nolga ega raqamdan ham oshib ketishi mumkin.
Qayd etilishicha, Rossiya tomonidan belgilangan jarima miqdori Googleʼga egalik qiluvchi Alphabet kapitalizatsiyasidan (2,4 trillion dollar) ham koʻp.
Rossiya mediasi turli davlatlarning sudlari orqali Googleʼdan RF sudi qarorini bajarishni talab qilmoqda. Angliya va Uels Oliy sudi 2025 yil yanvarda Rossiya telekanallariga korporatsiyaning AQSH va Buyuk Britaniyadan boshqa davlatlardagi aktivlariga hibs qoʻyilishini talab qilishni taqiqlagan.


