evropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) 2024-yil davomida Oʻzbekistonga rekord darajadagi investitsiyalarni amalga oshirdi. YTTB bilan mamlakat hukumati oʻrtasida 34 ta yangi kelishuv imzolandi, ularning umumiy qiymati 938 million yevro (960 million dollar) boʻlib, bu Markaziy Osiyodagi eng yuqori koʻrsatkich hisoblanadi. Shuningdek, bank qoʻshma moliyalashtirish orqali 383 million yevro miqdorida qoʻshimcha mablagʻ jalb qilishga erishdi.
2024-yilda YTTB tomonidan Oʻzbekiston iqtisodiyotiga kiritilgan sarmoyalar nafaqat miqdor jihatdan, balki sifat jihatidan ham yuqori baholanmoqda. Bankning umumiy investitsiyalarining taxminan 55 foizi “yashil” iqtisodiyotga yoʻnaltirilgan boʻlib, bu qayta tiklanuvchi energiya manbalari, kimyo sanoati va boshqa ekologik jihatdan barqaror loyihalarni oʻz ichiga oladi.
Misol uchun, bank Toshkent viloyatida 200 MVt quvvatga ega fotoelektr stansiyasi va 501 MVt/soat energiya saqlash tizimini qurish uchun 226 million dollar miqdorida kredit ajratdi. Shuningdek, Navoiy viloyatida 230 km uzunlikdagi yuqori kuchlanishli elektr uzatish liniyalari qurilishi uchun 66,4 million dollar yoʻnaltirildi.
Yana bir eʻtiborga loyiq loyiha – Chirchiq shahrida “yashil” vodorod ishlab chiqarish boʻyicha Oʻzkimyosanoat va ACWA Power kompaniyalari bilan amalga oshirilayotgan hamkorlikdir. Bu loyihaga 65 million dollar miqdorida mablagʻ ajratilgan.
Bundan tashqari, YTTB Urganch va A380 magistrali oʻrtasidagi avtomobil yoʻlini rekonstruksiya qilish uchun 238 million dollar miqdorida suveren kredit taqdim etdi, loyihaga Amudaryo ustidan yangi koʻprik qurish ham kiritilgan.
YTTB Oʻzbekistonning moliya sektoriga ham yirik sarmoyalar kiritmoqda. 300 million yevrodan ortiq miqdordagi savdo moliyalashtirish limitlari va kreditlar jalb etildi. Jumladan, “TBC Uzbekistan” raqamli banki kichik biznesni rivojlantirish va qoʻshimcha investitsiyalar jalb qilish uchun qarz oldi.
YTTBning kichik biznesni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan maslahat dasturi ham muvaffaqiyatli amalga oshirildi. 60 ta loyiha ishga tushirilgan boʻlib, ularning 30 tasi ayollar tadbirkorligiga yoʻnaltirilgan. Ushbu dasturga 80 mingdan ortiq tadbirkor jalb etildi.
YTTB tomonidan Oʻzbekistonga “yashil” iqtisodiyot uchun yana 200 million dollar miqdorida qoʻshimcha sarmoya ajratilishi kutilmoqda.


