Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Samarqand va Jizzax viloyatlarida olis hududlardan keladigan oʻquvchilar uchun avtobuslar joriy etiladi

2025-yil sentabrigacha Samarqand va Jizzax viloyatlaridagi 100 ta maktabda olis hududlardan keladigan oʻquvchilarni avtobuslar bilan tashish rejalashtirilmoqda. Avtobuslar autsorsing asosida tashkil etiladi va mahalliy budjetdan mablagʻ ajratiladi.

Samarqand va Jizzax viloyatlaridagi 100 ta umumtaʻlim maktabiga qatnaydigan oʻquvchilar uchun avtobuslar 2025-yil sentyabrigacha yoʻlga qoʻyilishi kutilmoqda. Ushbu tashabbus davlat dasturi doirasida amalga oshiriladi va avtobuslar autsorsing asosida faoliyat yuritadi.

Moliyalashtirish mahalliy budjetdan taʻlim sohasi uchun ajratilgan mablagʻlar doirasida amalga oshiriladi.

Samarqand va Jizzax viloyatlarining olis hududlaridan maktabga qatnaydigan oʻquvchilar uchun avtobuslar tashkil etilishi davlat dasturiga kiritilgan boʻlib, bu amaliyot “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining bir qismi sifatida 2023-yilda belgilangan chora-tadbirlar rejasida  koʻrsatilgan. Avtobuslarni tashkil etish uchun Transport vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Ichki ishlar vazirligi masʻul etib tayinlangan.

2023-yilda Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka nomzod sifatida Nukusda oʻtkazgan uchrashuvida maktab avtobuslarini joriy etishni Qoraqalpogʻistonning chekka hududlaridan boshlashini taʻkidlagan edi.

2021-yilda YUNISEF va IIV YHXBB tomonidan oʻtkazilgan soʻrovda Toshkent shahridagi koʻplab respondentlar maktabga olib boruvchi yoʻllarning xavfsiz emasligini bildirgan. Aksariyat oʻquvchilar maktabga piyoda borishga majbur boʻlsa, baʻzi hududlarda esa bolalarni tashishda Damas va yengil avtomobillaridan foydalaniladi. Bu holat xavfsizlikni taʻminlashda jiddiy muammolarni keltirib chiqarmoqda.