Nyu-York shahar hukumati tomonidan joriy etilgan yangi tizimga koʻra , yengil avtomobillar uchun kirish narxi 2,25 dollardan boshlanib, eng tiqilinch vaqtlarida 9 dollargacha koʻtariladi. Kichik yuk mashinalari va baʻzi avtobuslar uchun narxlar tiqilinch vaqtda 14,4 dollarni tashkil etadi, kechki soatlarda esa bu summa 3,6 dollarga kamayadi.
Bu pulli kirish tizimi 2028-yilgacha amal qiladi va undan keyin tariflar oshirilishi mumkin. Shahar hukumati ushbu chora orqali nafaqat tirbandlikni kamaytirishni, balki ommaviy transport tizimini rivojlantirish uchun mablagʻ toʻplashni ham rejalashtirgan.
Nyu-York shtati gubernatori Keti Xokul bu taklifni ikki yil avval hukumatga taqdim etgan edi. Biroq, rejalar bir necha bor qayta koʻrib chiqilgan va uning joriy etilishi bir necha marta kechiktirilgan. 2024-yil iyunida taqdim etilgan dastlabki rejalar Nyu-York aholisining kutilmagan salbiy oqibatlarga duchor boʻlishi mumkinligi sababli toʻxtatilgan edi.
Bundan tashqari, yangi tizimga qarshi boʻlganlar orasida Nyu-York taksistlar assotsiatsiyasi va AQShning sobiq prezidenti Donald Trump ham bor. Trump oʻz prezidentlik vakolatini boshlagach, bu rejani bekor qilishni vaʻda qilgan.
“INRIX” kompaniyasining maʻlumotlariga koʻra, Nyu-York soʻnggi ikki yil davomida dunyodagi eng katta tirbandlikka ega boʻlgan shahar hisoblanadi. 2024-yilning birinchi choragida Manxetten markazida avtomobillar soatiga faqat 17 kilometr tezlikda harakatlanishi kuzatilgan.


