Afg‘onistonning «Da Afghanistan Breshna Sherkat» (DABS) kompaniyasi va O‘zbekistonning «O‘zenergosotish» tashkiloti o‘rtasida 2025-yil uchun elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolandi.Bu haqda Afg‘onistonning DABS kompaniyasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
O‘tgan hafta O‘zbekiston Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov boshchiligidagi delegatsiya Afg‘onistonga tashrif buyurdi. Tashrif davomida O‘zbekiston delegatsiyasi «DABS» kompaniyasi bosh direktori Abdul Bari Umar bilan uchrashib, muhim muzokaralar olib bordi.
Bundan tashqari, Afg‘oniston yaqinda Turkmaniston bilan ham elektr energiyasi yetkazib berishni kelgusi yilga uzaytirish bo‘yicha shartnoma imzolagan.
Eslatib o‘tamiz, 2023-yil dekabrida O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha shartnoma bir yilga uzaytirilgan edi. O‘zbekistonga qarzdorlikni to‘lash masalasi ham hal etilgan bo‘lib, Afg‘oniston joriy yil fevralida O‘zbekistonga ikki yillik qarzini to‘lagan. Afg‘oniston, shuningdek, Eron, Tojikiston va Turkmanistonga ham 627 million AQSh dollari miqdoridagi qarzini to‘lagan.


