Prezidentning “Davlat xaridlarida ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularga keng imkoniyatlar yaratish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori 2025-yil 1-yanvardan kuchga kiradi. Ushbu qaror doirasida, davlat xaridlarida mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlash va ularni samarali rivojlantirish maqsadida bir qator yangi mexanizmlar joriy etiladi.
Ishlab chiqaruvchilar ekotizimi:
– Hududlar va tovarlar boʻyicha ishlab chiqaruvchilar haqida maʻlumotlarni aks ettiruvchi sanoat xaritasi ishlab chiqiladi;
– Davlat va ishlab chiqaruvchilar oʻrtasidagi hamkorlikni kuchaytirish maqsadida, ular oʻrtasida oʻzaro kooperatsiya aloqalari oʻrnatiladi, shuningdek, off-take (oldindan buyurtma) shartnomalari tuzish imkoniyatlari yaratiladi;
– “B2B” va “B2C” formatlarida ishlab chiqaruvchilar uchun ochiq va erkin savdo maydonchasi tashkil etiladi. Bu esa oʻz navbatida, ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlarini keng auditoriyaga taqdim etish imkoniyatini yaratadi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi, ishlab chiqaruvchilar ekotizimining toʻliq joriy etilishi va uning barqaror ishlashini taʻminlash uchun masʻul tashkilot sifatida belgilandi. Shuningdek, “davlat xaridlari – biznesga koʻmak” tamoyili asosida “tadbirkorbay” tizimi joriy etiladi.
Bundan tashqari, ishlab chiqaruvchilarga barcha davlat xaridlari elektron tizimlarida quyidagi imtiyozlar beriladi:
– Vositachilik yigʻimi 50 foizga kamaytiriladi;
– Xarid qilish jarayonida qoʻshimcha zakalat toʻlovlari kiritilmaydi.


