Prezidentning 25-noyabrdagi farmoniga binoan, mahallalardagi faol nuroniylarga har oyda 500 ming so’m atrofida rag’bat puli ajratiladi. Bu mablag’ nuroniylarning oilalarni kambag’allikdan chiqarish, ta’lim olishga ko’maklashish va sog’lom turmush tarzini targ’ib qilish kabi vazifalarni bajarish uchun mo’ljallangan.
Har oyda faol nuroniylar orasidan uch kishi tanlab olinadi, ular o’zlari biriktirilgan beshta kambag’al oilaga yordam beradi. Ular o’z vazifalarini amalga oshirish davomida tomorqa ishlari, kichik ishlab chiqarish uchun zarur asbob-uskunalarni bo’lib to’lash sharti bilan ijaraga olishga ko’maklashadilar.
Shuningdek, nuroniylar oila farzandlarini hunarmandlarga shogirdlikka yo‘naltirishi,ularni ta’lim muassasalari uchun kerakli o‘quv vositalari va sport kiyimlari bilan ta’minlashi zarur. Bular “Nuroniy” jamg’armasi mablag’lari hisobidan qoplanadi. Nuroniylar, mahallada piyoda yurish madaniyatini targ‘ib qilib, uylarning sanitariya holatini yaxshilash, tozalikka e’tibor berish va oilalarni zararli odatlardan saqlashga ham mas’ul bo’ladi.
Nuroniylar mahallalarda keksalar uchun sport tadbirlari tashkil etib, ularni jismoniy tarbiya va sportga jalb qilishga yordam beradi. Mahallalar uchun har yil 10 million so’m ajratiladi. 2025-yil uchun davlat budjeti doirasida “Nuroniy” jamg’armasiga 504 milliard so’m ajratish rejalashtirilgan.


