18-oktabr kuni Chery Xitoyning Anxuy shahrida boʻlib oʻtgan 2024-yilgi Chery Global Innovatsiyalar konferensiyasida “Land and air vehicle” (yerda va havoda) nomli uchuvchi avtomobil prototipini namoyish etdi. Prototip hozircha ishlab chiqarish jarayonlarida, biroq 80 km sinov masofasini muvaffaqiyatli yakunlagan.
Ushbu gibrid uchar avtomobil rulga yoki gaz pedaliga ega emas va uch qismdan iborat: uchuvchi qism, aqlli kabina va qoʻnish moslamasi. Uchar mashina avtonom parvoz qilishi hamda yerda harakatlanish rejimiga almashishi mumkin.

Cheryning bildirishicha, shaharlardagi qisqa masofali parvozlar orqali tirbandliklarni kamaytirishga erishish mumkin.
Chery uchar mashinasi Chery S2ma-koʻlamli intellektual Mars arxitekturasida qurilgan va ikki kishini tashishga moʻljallangan. Parvoz balandligi 1000 m gacha, maksimal tezligi 120 km/soatga yetishi mumkin, havodagi vaqt esa taxminan 40 minut.

Qayd etish kerak, bugungi kungacha Xpeng, GAC, SAIC va Geely kompaniyalari uchar mashinalarini muvaffaqiyatli namoyish etgan. Bunday avtomobillarning rivojlanish tendentsiyasidan kelib chiqib, ularning tijoratlashuvi jamoatchilik kutganidan ham tezroq sodir boʻlishi mumkinligi aytilmoqda.


