Oʻzbekistonliklar uchun chet elda 154 mingdan ortiq boʻsh ish oʻrinlari mavjud boʻlib, ularning maoshi 2,5 ming dollargacha boradi, deb xabar bermoqda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi.
Maʻlum qilinishicha, oʻzbekistonlik fuqarolarga Germaniya, Janubiy Koreya, Turkiya, Litva, Buyuk Britaniya, Polsha, Latviya, Yaponiya va Ruminiyada tibbiyot, ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatish, qurilish, qishloq xoʻjaligi va IT sohalarida boʻsh ish oʻrinlari bor.
Masalan, Germaniya bilan 60 ming fuqaroni ish bilan taʻminlash boʻyicha kelishuvga erishilgan boʻlib, ish haqi 2,1 ming dollarni tashkil qilishi mumkin.
Buyuk Britaniya tibbiyot sohasida 10 ming va qishloq xoʻjaligida 3 ming boʻsh ish orinlarini 2,5 ming dollar maosh bilan taklif qilgan. Janubiy Koreya esa 13,7 ming ish joyiga kvotalar ajratib 2 ming dollargacha maosh toʻlashga tayyorligini bildirgan.
Litva, Latviya, Polsha, Bolgariya va Yevropaning boshqa davlatlariga 26 mingdan ortiq fuqaroni yuk avtomobili haydovchisi, ishlab chiqarish, qurilish va xizmat koʻrsatish sohalariga ishga joylashtirish boʻyicha loyihalar amalga oshirilmoqda. Ularga oʻrtacha 1,4 ming dollar taklif qilinmoqda.


