Qurilish va uy-joy va kommunal xoʻjaligi vazirligi, Aholi turmush tarzini rivojlantirishga koʻmaklashish Respublika “Taraqqiyot” markazi hamda Yaponiyaning “Global WASH Initiative” JTI SA jamgʻarmasi bilan hamkorlikda Oʻzbekistonning olis hududlari aholisini ichimlik suvi bilan taʻminlash hamda sanitariya loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyiha 2024-2026-yillarga moʻljallangan boʻlib, Yaponiya kompaniyasi tomonidan moliyalashtirilmoqda.
Ushbu loyiha doirasida 2024-2026-yillarda Fargʻona, Andijon va Namangan viloyatlarining olis hududlaridagi aholi, shu jumladan, maktab, bogʻcha va tibbiyot muassasalarini toza ichimlik suvi bilan taʻminlash, mahalliy ichimlik suvi tizimlarini boshqarish va barqarorligini taʻminlash maqsadida ichimlik suvi tashkilotlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish, ichimlik suvi, sanitariya, gigiyena koʻnikmalarini yaxshilash hamda iqlim oʻzgarishining salbiy taʻsirini kamaytirish maqsadida qishloq aholisining bu boradagi salohiyatini oshirish uchun treninglar oʻtkazish koʻzda tutilgan.
Loyiha doirasida qishloqlarni tanlab olish uchun bir qancha mezonlar belgilab olingan. Xususan:
- qishloq aholisining soni kamida 4000 nafardan iborat boʻlishi;
- aholining ichimlik suviga boʻlgan ehtiyoji;
- aholining loyihani amalga oshirishda ishtirok etishga tayyorligi;
- suv orqali yuqadigan kasalliklar holati koʻpligi;
- muqobil ichimlik suvi manbalarining mavjudligi va hokazolar.
Loyiha doirasida yangidan qurilgan ichimlik suvi tizimlari mustaqil ravishda aholiga xizmat koʻrsatadi. Shuningdek, bu orqali 24 mingdan ortiq aholi, jumladan, maktablar va tibbiyot muassasalari toza ichimlik suvi bilan taʻminlanadi hamda sanitariya holati yaxshilanadi. Shu bilan birga, qishloq aholisining ichimlik suvi, sanitariya va gigiyena (WASH) hamda iqlim oʻzgarishining atrof-muhitga salbiy taʻsirini kamaytirish boʻyicha xabardorligi oshiriladi. Ichimlik suvi taʻminoti boʻyicha mahalliy boshqaruv taʻminlanadi hamda moliyaviy shafoff hisobot tizimi, audit va monitoringi shakllantiriladi.
Loyiha doirasida Fargʻona vodiysidagi 6 ta mahallaning 20 mingdan ortiq aholisini ichimlik suvi bilan taʻminlash rejalashtirilgan. Buning uchun JTI kompaniyasi 2 mln dollardan ziyod mablagʻ ajratmoqda.
Shu maqsadda 16-oktyabr kuni Qurilish vazirligida mazkur loyiha taqdimoti boʻlib oʻtdi. Unda Yaponiyaning Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi janob Xatori Takashi, JTI kompaniyasi vakillari va keng jamoatchilik ishtirok etdi. Tadbirning ochilishida soʻzga chiqqan qurilish vazirining birinchi oʻrinbosari Ozoda Joʻrayeva mamlakatimizda suv munosabatlarini tartibga solish yuzasidan amalga oshirilgan ishlar xususida maʻlumot berdi.
“Suvning har qanday koʻrinishi, u xoh sugʻorish suvi boʻlsin, xoh ichimlik suvi aholining turmush darajasini belgilovchi asosiy omil hisoblanadi. Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan “Inson qadri uchun” gʻoyasi asosida aholini sifatli ichimlik suvi bilan taʻminlash va ularga oqova suvlarni chiqarib yuborish xizmatlarini koʻrsatishni kengaytirish borasida ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. Soʻnggi 7 yilda sohaga 1 milliard dollardan ziyod byudjet mablagʻlari ajratilib, aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan taʻminlanlash darajasi 63,9 foizdan 77,3 foizgacha yetkazildi. Ushbu ishlar joriy yilda ham davom ettirilib, davlat byudjetidan ajratilgan 1,4 trln soʻmga 755 km uzunlikdagi ichimlik va 262 km uzunlikdagi oqova suv tarmoqlari tortilishi hamda 78 ta ichimlik va 37 ta oqova suv inshootlari qurilib, aholining ichimlik suvi bilan taʻminlanganlik darajasini 81 foizga yetkazish maqsad qilingan. Yangi Oʻzbekiston Taraqqiyot strategiyasiga asosan 2030-yilgacha aholining 90 foizini markazlashgan ichimlik suvi bilan taʻminlash belgilangan”, – deydi vazir oʻrinbosari.
Taqdimot yakunida tadbir qatnashchilari Namangan viloyati Kosonsoy tumanidagi “Soycha” mahallasiichimlik suvi bilan taʻminlashni ramziy ravishda boshlab berishdi. Shu tariqa ushbu mahallada istiqomat qiluvchi 5000 mingdan ortiq aholi ilk bor ichimlik suvi bilan taʻminlandi.


