Prezident Shavkat Mirziyoyev Qirgʻiziston hukumati bilan Issiqkoʻldagi kurort va dam olish maskanlari toʻgʻrisidagi kelishuvni tasdiqladi. Bitim Sadir Japarovning 2024-yil iyul oyidagi Oʻzbekistonga tashrifi doirasida imzolangan edi. Qirgʻiziston Vazirlar Mahkamasi ushbu kelishuvni 23-sentyabrda ratifikatsiya qildi.
Hujjatga koʻra, Issiqkoʻl sohilidagi avval Oʻzbekistonga tegishli boʻlgan toʻrtta pansionat oʻzbekistonlik investorlarga 49 yilga ijaraga berilmoqda:
- “Dilorom” — “Asakabank”ka;
- “Oltin qumlar” — Toshkent mexanika zavodiga;
- “Rohat” — “Oʻzmilliybank”ka;
- Qurilishi tugallanmagan “Boʻston” majmuasi — “Oʻzsanoatqurilishbank”ka.
Investorlar obyektlarni 3−4 yulduz darajasida rekonstruksiya qilishi, shuningdek, xodimlarining kamida 80 foizi Qirgʻiziston fuqarolaridan iborat boʻlishi kerak. Har bir obyekt uchun taxminiy investitsiya miqdori 15−20 million dollarni tashkil etadi.
Bitimning bajarilishi uchun javobgarlik Davlat aktivlarini boshqarish agentligi zimmasiga yuklanadi. Tashqi ishlar vazirligiga Qirgʻiziston hukumatiga shartnomaning kuchga kirishi uchun tartib-taomillarning bajarilishi toʻgʻrisida bildirishnoma yuborish topshirildi.
Maʻlumot oʻrnida, mazkur toʻrtta pansionat 2016-yilga qadar Oʻzbekistonga tegishli edi. 2016-yilda Qirgʻiziston tomoni ularni milliylashtirgach, Oʻzbekiston holat yuzasidan AQSHdagi xalqaro arbitrajga daʻvo arizasi kiritgan. Toshkent qirgʻiz tomonini sobiq SSSR davlatlari oʻrtasida ittifoq parchalanganidan keyin boshqa respublika hududida qolib ketgan obyektlardan foydalanish boʻyicha 1992-yilda imzolangan kelishuvni buzgan, deb hisoblagan.
2023-yilda Oʻzbekiston bosh vaziri Abdulla Aripovning Qirgʻizistonga tashrifi doirasida Oʻzbekiston delegatsiyasi “Enesay” (sobiq “Dilorom”) pansionatiga tashrif buyurib, uni koʻzdan kechirgan edi. “Dilorom”, “Oltin qum” va “Rohat” pansionatlari investorlar ixtiyoriga berish rejalashtirilgani maʻlum qilingandi.


