Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Oʻzbekistonda Xalqaro mehnat tashkilotining yana bir konvensiyasi ratifikatsiya qilindi

Xalqaro mehnat tashkilotining Mehnat xavfsizligi va gigiyenasi hamda ishlab chiqarish muhiti toʻgʻrisidagi 155-sonli Konvensiyasi ratifikatsiya qilindi. Konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi ishlab chiqarish jarayonidagi baxtsiz hodisalar, kasbiy kasalliklar, ish vaqtida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan salbiy oqibatlarning oldini olishga qaratilgan xalqaro standartlarni joriy etishga xizmat qiladi.

Prezident tomonidan imzolangan Qonun (OʻRQ-969-son, 02.10.2024 y) bilan Xalqaro mehnat tashkilotining Mehnat xavfsizligi va gigiyenasi hamda ishlab chiqarish muhiti toʻgʻrisidagi 155-sonli Konvensiyasi (Jeneva, 1981 yil 22 iyun) ratifikatsiya qilindi. Bu haqda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi matbuot xizmati maʻlumot berdi.

Bugungi kunga qadar ushbu Konvensiya 75 ta davlat, jumladan, MDHga aʻzo davlatlar orasida Rossiya, Belarus, Ukraina, Tojikiston Qozogʻiston va Ozarbayjon tomonidan ratifikatsiya qilingan.

Hujjatda mehnat faoliyati jarayoni va ishlab chiqarish muhitida mehnat xavfsizligi va gigiyenasini taʻminlash, shu jumladan, ish joyida yoki ish vaqtida ishchi va xodimlarning sogʻligʻiga zarar yetishi bilan bogʻliq boʻlgan baxtsiz hodisalar yoxud xavflarning oldini olishga qaratilgan talablarni yanada kuchaytirish nazarda tutilgan.

Konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi kelgusida sohadagi milliy qonunchilikni hamda Xalqaro mehnat tashkilotining hujjatlarida belgilangan mehnat xavfsizligi va gigiyenasiga oid meʻyorlarni takomillashtirishga, shuningdek, ishlab chiqarish jarayonidagi baxtsiz hodisalar, kasbiy kasalliklar, ish vaqtida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan salbiy oqibatlarning oldini olishga qaratilgan xalqaro standartlarni samarali joriy etishga xizmat qiladi.

XMTning ratifikatsiya qilingan konvensiyalari soni 24 taga yetdi.