Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Oʻzbekistonda mehnat migrantlarining oilalariga moddiy yordam berilishi mumkin

Bandlik vazirligining normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilgan qaror loyihasida boquvchisi xorijga ishlash uchun ketgan oilalarga BHMning ikki baravari (680 ming soʻm) miqdorida bir martalik moddiy yordam ajratish koʻzda tutilgan.

Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijda tashkillashtirilgan tartibda ishga joylashtirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini muhokamaga qoʻydi.

Qonun boquvchisi ishlash uchun xorijga chiqib ketgan oilalarga davlat tomonidan yordam koʻrsatish tizimini yaxshilash, yordamga muhtoj oilalar bilan tizimli ravishda ishlashni tashkil etishga qaratilgan.

Qonunda boquvchisi xorijga mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” tizimida roʻyxatda boʻlgan oilalarga bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari (680 ming soʻm) miqdorida moddiy yordam berilishi nazarda tutilgan.

Mablagʻlar Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamgʻarmasi hisobidan taqdim etiladi. Moddiy yordam olish uchun mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʻminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha tuman (shahar) hokimlari yordamchilarining yozma tavsiyanomasi talab etiladi.

Shuningdek, xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarning “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”da roʻyxatda boʻlgan yoki “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”dan biriga kiritilgan oila aʻzolariga dori-darmon, nogironlik aravachasi, eshitish apparati yoki ortopedik mahsulotlar xarid qilish uchun BHMning 5 baravari (1,7 million soʻm) miqdorida bir martalik moddiy yordam berilishi ham rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, ular bilan birga istiqomat qiluvchi pensiya yoshiga yetgan yoki I va II guruh nogironligi boʻlgan oila aʻzolariga kasaba uyushmalari tizimidagi sanatoriy va profilaktik davolanish muassasalariga bir martalik bepul yoʻllanma taqdim etiladi. Mahallalardagi yoshlar yetakchilarining yozma tavsiyanomasi bilan reyestrda boʻlgan, daftarlardan biriga kiritilgan hamda mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning bolalariga mavsumiy faoliyat yuritadigan oromgohlarga bepul yoʻllanmalar beriladi.

Mehnat migratsiyasidagi fuqarolar “Xorijda ish” dasturiy majmuasida roʻyxatdan oʻtgan boʻlsa, yordam puli va yoʻllanma olishi mumkin boʻladi. Buning uchu ulardan ushbu dasturiy majmua orqali murojaat qilish talab etiladi.

Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi talabgorlardan elektron murojaat kelib tushgan vaqtdan boshlab, 10 ish kuni ichida belgilangan talablarga javob berishini qoʻshimcha hujjatlarni soʻramasdan tekshiradi. Shuningdek, hokim yordamchilari va mahallalardagi yoshlar yetakchilaridan yozma tavsiyanoma olinadi.

Qaror loyihasi yuzasidan fikr-mulohazalar bu yerda 2024- yilning 27-iyuligacha qabul qilinadi.