UzAuto Motors kompaniyasi ertaga, 5-iyul kuni soat 10:00 da “Cobalt” rusumli avtomobillar uchun navbatdagi kontraktatsiya ochilishini eʻlon qildi. Unga koʻra, sotuv jarayoni avvalgi kontraktatsiya natijalariga koʻra toʻlovi oʻz vaqtida amalga oshirilmagan va bekor qilingan shartnomalar boʻyicha olib boriladi.
Avtomobillarni xarid qilish uchun shartnoma tuzish savdo.uzavtosanoat.uz sayti orqali amalga oshiriladi.
Kompaniya avtomobil xaridi uchun tuzilgan shartnomalar boʻyicha toʻlov yetti kalendar kuni ichida amalga oshirilishi kerakligini eslatib oʻtdi.
“Aks holda, mazkur shartnomalar avtomatik ravishda bekor qilinib, kontraktatsiyaga qayta qoʻyiladi. Shu munosabat bilan UzAuto Motors avtoixlosmandlardan tuzilgan shartnomalar boʻyicha toʻlovlarni oʻz vaqtida amalga oshirishlarini soʻraydi”, deyiladi xabarda.
Eslatib oʻtamiz, “Cobalt” uchun avvalgi kontraktatsiya 2024-yil 21-iyun kuni ochilgan edi. Unda bir kun ichida 25 ming dona avtomobil sotilgan.


