Oʻzbekiston dehqon bozorlariga sotish uchun keltirilgan isteʼmolga yaroqsiz 25,2 tonna goʻsht va goʻsht mahsulotlari, 21,2 tonna sut va sut mahsulotlari yoʻq qilindi. Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi boshqarma boshligʻi Alisher Safarov xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, respublikada faoliyat yuritayotgan dehqon bozorlariga sotish uchun keltirilgan 3952 tonna goʻsht, 611,7 ming dona tuxum, 34747 tonna sut va sut mahsulotlari laboratoriya tahlillardan oʻtkazilib, 25,2 tonna goʻsht va goʻsht mahsulotlar, 21,2 tonna sut va sut mahsulotlari isteʼmolga yaroqsiz deb topildi va oʻrnatilgan tartibda yoʻq qilingan.
Aholini goʻsht va sut mahsulotlari bilan taʼminlash boʻyicha amalga oshirilgan ishlar
Respublikada jami 18 167 ta chorvachilik xoʻjaligi mavjud boʻlib, shundan qoramolchilik yoʻnalishida 7614 ta, qoʻy va echkichilik 3263 ta, yilqichilik 142 ta, tuyachilik 52 ta, parrandachilik 1298 ta, baliqchilik 4829 ta, asalarichilik 715 ta va quyonchilik 254 tani tashkil etmoqda.
Qayd etilishicha, 2022 yilda chorvachilik va uning tarmoqlarini rivojlantirish uchun umumiy qiymati 9,7 trillion soʻmlik 2031 ta loyiha amalga oshirilib, 120 mingtadan ortiq doimiy va mavsumiy ish oʻrinlari yaratilgan.
Mazkur loyihalarga xalqaro moliya institutlarining 150 million dollar imtiyozli kreditlari hamda 30 million dollar grant mablagʻlari jalb etildi.
Shuningdek, ushbu amalga oshirilgan loyihalar doirasida xorijiy davlatlardan 46 ming bosh naslli qoramol va 144 ming bosh naslli qoʻy va echkilar import qilindi.
Bundan tashqari yirik qoramolchilik yoʻnalishida 300 boshdan 500 boshgacha boʻlgan xoʻjaliklar soni 648 taga, 500 boshdan 1000 boshgacha boʻlgan xoʻjaliklar soni 256 taga, 1000 bosh va undan yuqori boʻlgan xoʻjaliklar soni 171 taga yetkazildi.


