Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Toshkentda 2022 yili 7 nafar bank xodimi korrupsiya bilan bogʻliq jinoiy javobgarlikka tortildi

Jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent shahar sudlari tomonidan 2022 yil davomida 12 141 nafar shaxsga nisbatan 9807 ta jinoyat ishi koʻrib tamomlangan. Xususan, sohalar boʻyicha korrupsiyaga oid koʻrib tamomlangan ishlar boʻyicha bank yoʻnalishida 7 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan

Jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent shahar sudlari tomonidan 2022 yil davomida 12 141 (2021 yilda — 9325) nafar shaxsga nisbatan 9807 (7427) ta jinoyat ishlari koʻrib tamomlangan. Bu haqda Toshkent shahar sudi matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, 2021 yilga nisbatan koʻrib tamomlangan ishlar soni 2380 taga (32 foiz), javobgarlikka tortilgan shaxslar soni esa 2816 nafarga (30,2 foiz) koʻpaygan.

Jinoyat ishlarining 4851 tasi ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan, 2405 tasi uncha ogʻir boʻlmagan, 4337 tasi ogʻir va 548 tasi oʻta ogʻir toifadagi jinoyatlarni tashkil etgan.

Sohalar boʻyicha korrupsiyaga oid koʻrib tamomlangan ishlar boʻyicha shaxslar toifasida:

  • sogʻliqni saqlash sohasida 16 nafar shaxs;
  • taʼlim sohasida 32 nafar shaxs;
  • bank yoʻnalishi boʻyicha 7 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Shuningdek, sudlangan shaxslarning 1063 (11,4 foizi) nafariga jarima, 2398 (25,7 foiz) nafariga axloq tuzatish ishlari, 1713 (18,3 foiz) nafariga ozodlikni cheklash, 3710 (39,7 foiz) nafariga ozodlikdan mahrum qilish, 121 (1,3 foiz) nafariga majburiy jamoat ishlari jazosi tayinlangan boʻlsa, 331 (3,5 foiz) nafar shaxs shartli hukm qilingan.

Sudlanganlarning:

  • 1016 nafarini (10,8 foiz) ayollar,
  • 246 nafarini (2,6 foiz) voyaga yetmaganlar,
  • 381 nafarini (46,9 foiz) yoshlar,
  • 238 nafarini (2,5 foiz) 60 yoshdan oshgan erkaklar,
  • 106 nafarini (1,1 foiz) chet el fuqarolari,
  • 8 nafarini (00,8 foiz) tadbirkorlar tashkil etgan.

Muqaddam sudlangan 2245 kishi tomonidan takroran jinoyat sodir etilgan.