Asosiy mazmunga oʻtish
12avgust · Chorshanba USD 11 889,95 ▼ −0,4% EUR 13 717,44 ▼ −0,5% RUB 143,93 ▼ −0,5% Maʼlumot: Markaziy bank
Yangiliklar

Oʻzbekistonda Oziq-ovqat texnologiyasi va muhandisligi xalqaro instituti tashkil etildi

Prezident qarori bilan Oziq-ovqat texnologiyasi va muhandisligi xalqaro instituti tashkil etildi. Institutda 2024/2025 oʻquv yilidan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha dual taʼlim tizimi joriy qilinadi

Oʻzbekistonda Prezident qarori bilan Oziq-ovqat texnologiyasi va muhandisligi xalqaro instituti tashkil etildi. Bu haqda “Huquqiy axborot” Telegram kanali xabar berdi.

Qaror bilan quyidagilar tashkil etildi:

  • Oziq-ovqat texnologiyasi va muhandisligi xalqaro instituti;
  • institut huzurida Agrobiznes subyektlari salohiyatini oshirish markazi — Capacity Building Center;
  • Oziq-ovqat texnologiyasi va muhandisligi xalqaro instituti huzuridagi Qoʻqon oziq-ovqat sanoati va xizmat koʻrsatish texnikumi.

Qayd etilishicha, institutning asosiy vazifalaridan biri oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash sohasida kichik va oʻrta biznes uchun raqobatbardosh texnologiyalar, jarayonlar va tarmoqlarni rivojlantiradigan mukammal texnologlar, yetuk kadrlar va biznes rahbarlarini tayyorlash hisoblanadi.

Institutda oʻqitish ingliz, rus va oʻzbek tillarida hamda kunduzgi, sirtqi va masofaviy taʼlim shakllarida amalga oshiriladi.

Shuningdek, 2024/2025 oʻquv yilidan institutda bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha dual taʼlim tizimi joriy qilinadi.

Institutning ilmiy salohiyatini oshirish uchun 2024 yil 1 yanvardan oziq-ovqat sanoati va uni qayta ishlash boʻyicha ilmiy pedagogik kadrlar tayanch doktorantura (PhD) va doktorantura (DSc) tayyorlash tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

Shu bilan birga, texnikumni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar institutga sohaga mos boʻlgan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha kirish imtihonlarisiz yakka tartibdagi suhbat orqali 2-kursdan toʻlov-kontrakt asosida qabul qilinadi.