Volvo kompaniyasi avtomobillarini “raqamli xavfsizlik kamarlari” bilan jihozlaydi. Bu haqda shved brendi bosh direktori Jim Rouen xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, Volvoʻning yangi avlod xavfsizlik dasturi “uch nuqtali raqamli xavfsizlik kamari” boʻladi. 1950 yillarda uch nuqtali kamardan foydalangan Volvo ilgʻor xavfsizlik texnologiyalariga tayangan holda avtomobillarni zamonaviy radarlar, sensorlar va lidarlar bilan jihozlangan.
Kompaniya bosh direktorining soʻzlariga koʻra, yaqinda taqdim etilgan EX90 flagman elektr krossoveri texnologiya jihatidan avtomobil sanoatida yetakchilik qiladi. Avtomobil multimedia sistemasi Unreal Engine oʻyinini qoʻllab-quvvatlaydi, Luminar lidari, sakkizta kamera, beshta radar va 16 ultratovush sensoridan iborat. Maʼlumotlar NVIDIA Odin hisoblash tizimi tomonidan qayta ishlanadi, u bir soniyada 254 trilliongacha operatsiyani bajara oladi. Buning uchun dasturiy taʼminotni Volvo oʻzi yaratgan.
Jim Rouenning taʼkidlashicha, shvedlar kelajakda bu yondashuvga amal qilishda davom etadi. Koʻplab kompaniyalar dasturiy taʼminot ishlab chiqishni autsorsing qiladi, ammo Volvo muhim dasturiy taʼminot ustida ishlash uchun uchinchi tomonga ishonishga tayyor emas. Volvoʻda bu 700 dan ortiq xodimga ega boʻlgan maxsus boʻlinma tomonidan amalga oshiriladi. Lidar tufayli EX90 kelajakda butunlay avtonom harakatlana olishi aytilmoqda.
Volvo, shuningdek, yangi elektromobillar qatoridagi ikkinchi EX30ʻni chiqarishni rejalashtirmoqda. Ushbu elektromobil krossover kichik avtomobillar uchun SEA platformasida ishlab chiqariladi. Rouenning aytishicha, EX30 debyuti 2024 yilda kutilmoqda.
Maʼlumot uchun, hozirda Volvo uchta elektromobilga ega — XC40 Recharge, C40 Recharge va EX90. 2022 yilning yanvar-oktyabr oylarida ular dunyo boʻylab sotilgan 483 304 ta avtomobilning 15 foizini tashkil qilgan. 2025 yilga kelib, brend savdo hajmini yiliga 1,2 million avtomobilga yetkazmoqchi va ularning yarmini elektromobillar tashkil etishi rejalashtirilmoqda.


