20 dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti parlamentga va xalqimizga qilgan Murojaatida ushbu masalaga eʼtibor qaratgan holda, «Biz Yangi Oʻzbekistonni ʻijtimoiy davlatʻ tamoyili asosida qurishni maqsad qilyapmiz. Buni Konstitutsiyada mustahkamlashimiz kerak», deb taʼkidlab oʻtdi. Hozirgi kunda adolatli jamiyat qurish sari intilayotgan mamlakatimiz uchun insonlarga munosib hayot kechirishiga zarur sharoitlar yaratish asosiy vazifa hisoblanadi.
Ijtimoiy davlat bu ijtimoiy tafovutlarni yumshatish va muhtojlarga yordam berish hamda har bir fuqaroning munosib turmush sifati va darajasiga erishishga qaratilgan davlat modelidir.
Quvonarlisi, ijtimoiy davlat modeli Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Yaponiya, AQSH kabi davlatlarda samarali qoʻllanmoqda.
Shu nuqtai nazardan, yangilayotgan Konstitutsiyamizda ijtimoiy davlat tamoyiliga oid normalarni yanada mustahkamlashimiz lozim. Eng muhimi, Konstitutsiyamiz sifatli taʼlim va tibbiy xizmat, ijtimoiy himoyalanmagan yoki ehtiyojmand qatlamni qoʻllab-quvvatlash, munosib mehnat sharoiti va adolatli ish haqi tizimini yaratish, ishsizlikdan himoyalanish, uy-joyga ega boʻlishga qaratilgan qoidalar bilan yanada takomillashtirilishi lozim.
Hayitjon TURDIYEV,
dotsent, yuridik fanlar boʻyicha falsafa doktori (PhD), Konstitutsiyaviy komissiya huzuridagi Ekspertlar guruhi aʼzosi


