Oʻzbekistonda 2023 yilda yalpi ichki mahsulotning oʻsish surʼati 5,3 foiz miqdorda boʻlishi mumkin. Bu haqda moliya vaziri Timur Ishmetov Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida maʼlum qildi.
Taʼkidlanganidek, qonun loyihasi va Byudjetnomada yalpi ichki mahsulotning oʻsish surati 5,3 foiz miqdorda boʻlishi nazarda tutilmoqda. Xususan, sanoat ishlab chiqarish hajmi 5,1 foiz, qurilish 6,0 foiz, qishloq xoʻjaligi 3,5 foiz, xizmatlar sohasi 6,7 foizga ortishi kutilmoqda. 2023 yilda mamlakatning yalpi ichki mahsuloti 1068,0 trillion soʻmni, Davlat byudjeti daromadlari 232,1 trillion soʻm yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 21,7 foiz darajasida boʻlishi kutilmoqda.
“Konsolidatsiyalangan byudjet daromadlari 311 trillion soʻm atrofida, xarajatlari esa 343 trillion soʻm atrofida rejalashtirilmoqda, shunda defitsit 32,5 trillion soʻm boʻlishi kutilmoqda”, — deydi Ishmetov.
2023 yildan boshlab konsolidatsiyalashgan byudjet taqchilligining cheklangan mikdori yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foizdan oshmasligi belgilanmoqda.
Davlat byudjetining xarajatlari (davlat maqsadli jamgʻarmalariga ajratiladigan transfertlar bilan birga ) 257,7 trillion soʻmni, yalpi ichki mahsulotga nisbatan 24,1 foizni yoki 2022 yil kutilayotgan ijroga nisbatan 18,9 trln. soʻmga ortishi prognoz qilinmoqda.
Oʻzbekistonning tashqi qarzi 2023 yilda 32,6 mlrd dollarni tashkil etishi prognoz qilindi.
Shuningdek, 2023 yilda 4,5 milliard dollar tashqi qarz jalb qilinishi maʼlum qilindi.


