Oʻzbekistonning gaz konlarida tabiiy gaz qazib chiqarish hajmi kamayib borayotgani kuzatilmoqda. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2021 yilda belgilangan rejaga nisbatan 200 mln metr kub kam tabiiy gaz qazib chiqarilgan, 2022 yilning 11 oyida rejaga nisbatan 5 foizga kam tabiiy gaz qazib chiqarildi.
Jamiyatga qarashli gaz konlarida rejaga nisbatan sutkasiga oʻrtacha 7,1 foizga kam tabiiy gaz qazib chiqarilmoqda. Buning asosiy sabablari gaz konlarida tabiiy gaz zaxiralarining kamayib borayotganligi va konlarda avariyalar kelib chiqayotganligidir.
“Bugungi kunda koʻrilayotgan choralarga qaramasdan havo haroratining keskin sovib ketishi sababli quvurlarda gaz bosimining pasayishi kuzatilmoqda. Qazib chiqarilayotgan tabiiy gaz toʻliq ichki isteʼmol uchun, xususan aholi va ijtimoiy soha obyektlari hamda issiqlik elektr stansiyalariga yoʻnaltirilmoqda”, — deyiladi xabarda.
Bundan koʻzlangan maqsad – birinchi navbatda aholi va ijtimoiy soha obyektlarini (maktabgacha taʼlim tashkilotlari, maktab, oʻquv yurtlari, shifoxonalar va boshqalar) energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash hisoblanadi.


