Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2022 yil 7 oktyabrdagi qaroriga asosan “Turkiston” xususiy aksiyadorlik tijorat bankidan bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya chaqirib olingan edi.
Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondi Kuzatuv kengashining 2022 yil 18 noyabrdagi qaroriga asosan “Turkistonbank” omonatchilarining mablagʻlarini muddatidan avval qaytirilishi belgilandi.
21 noyabrdan boshlab “Turkistonbank” omonatchilari boʻlgan jismoniy shaxslar omonatga joylashtirgan mablagʻlari yuzasidan agent-bank sifatida tanlangan “Qishloq qurilish bank”ka murojaat etishlari mumkin.
Shuni qayd etish lozimki, omonatchilar qaytarib olinayotgan pul mablagʻlarini oʻzlari xohlagan tarzda – naqd pul shaklida olishi, bank kartasiga koʻchirishi yoki agent-bank boʻlgan “Qishloq qurilish bank”ka omonatga qoʻyishi mumkin.
Fuqarolarning omonatlari boʻyicha haq tegishli hujjatlarning asl nusxalari (pasport, omonat daftarchasi, omonat shartnomasi, notarius tomonidan tasdiqlagan ishonchnoma) koʻrsatilgan taqdirda omonatchilarning qonuniy vakillariga yoki ularning huquqiy vorislariga ham toʻlab beriladi.


